MATBUOT ANJUMANI BAYRAM TADBIRIGA ULANDI

Namangan viloyati sudida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etgan anjumanda dastlab Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, 2025-yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari haqida ma’lumotlar berildi. 

Tadbirda jurnalistlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, odil sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savol, taklif, fikr-mulohazalariga sud raislari va sudyalar batafsil javoblar berishdi.

Shundan so‘ng, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Namangan viloyati sudlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, sud-huquq sohasini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishga o‘z hissasini qo‘shgan jurnalistlarga, shuningdek, targ‘ibot ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan sudyalarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

SUDLARDA PROKUROR VAKOLATINI TA’MINLASH

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudyalari, prokuratura xodimlari ishtirok etgan seminarda 2024-yilning 30-sentabrida qabul qilingan  “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Mazkur qonun bilan protsessual kodekslarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, ma’ruzachilar fuqarolik sudlarida prokuror ishtirokining yangi bosqichi va qonunlarni amaliyotga qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirish berdilar. Mazkur yo‘nalishdagi ayrim muammolar muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, seminarda Oliy sud Plenumining 2025-yil 29-apreldagi Qarorlari mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham batafsil tushuntirishlar berildi.


Rahmonjon Yaxyoxo’jayev,

Namangan viloyati sudining sudyasi

Skip to content