O’ZARO TAJRIBA ALMASHILDI

Namangan viloyati sudlarida faoliyat olib boruvchi axborot kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari hamda sudya yordamchilari  IT-Park Namangan viloyati filialida bo‘lib, o‘zaro tajriba almashdilar.

Bugun Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarni raqamlashtirish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham “Raqamli sud” konsepsiyasini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

IT-Parkda bo‘lgan sud xodimlari dastlab bu yerdagi shart-sharoitlar, IT kompaniyalarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng, soha mutaxassislari ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, ularning rivojlanishi, bugungi kunda keng tatbiq etilayotgan yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi. Sud xodimlari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va savollar ularning ushbu sohadagi bilimlarini boyitishga xizmat qildi.  

HAMKORLIKDAGI AMALIYOT

Namangan viloyati sudida Majburiy ijro byurosi hamda Ichki ishlar idoralari mas’ullari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Dastlab seminarda sud hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurolariga yuborilgan ijro hujjatlari, ularning ijrosi, shuningdek, ijro hujjatlarining qaytarilish holatlari yuzasidan batafsil tahlillar o‘tkazildi. Shu bilan birga, Majburiy ijro byurolariga kelib tushgan ijro hujjatlarining ijrosi va hozirgi holati muhokama qilinib, ushbu jarayonni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Shuningdek seminarda “Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv” va “Oilaviy zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzularida sud amaliyoti va qonunchilikni qo‘llashdagi masalalar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Bu bo‘yicha so‘z olgan sudyalar va ichki ishlar idoralari hodimlari amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza almashdilar.

Seminar yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan sud, Majburiy ijro byurosi hamda Ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ijro intizomini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

A.MIRZAYEV,

Namangan viloyati sudi raisi o’rinbosari

Skip to content