AYOLLARGA E’TIBOR
Oʼzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar klubi faoliyati yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, u orqali ayol sudyalarni birlashtirish va ularga muloqot maydonini tashkil etish imkoniyatlari yaratilgan.
Bugun Sudyalar oliy maktabida mazkur klubning yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Videokonferentsaloqa shaklida barcha hududlarga ulangan tadbirda Sudyalar klubi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ayol sudyalar faoliyati, ularni qoʼllab-quvvatlash borasidagi vazifalar haqida soʼz bordi.
Tadbirda odil sudlovni amalga oshirish, sudlarga boʼlgan ishonchni mustahkamlash, yosh sudya kadrlarni yetishtirishdagi ulkan xizmatlari uchun ustoz sudyalar hamda sudyalarning ota-onalari Sudyalar oliy kengashining tashakkurnoma va esdalik qoʼl soatlari bilan taqdirlandilar.
Xususan, mazkur eʼtirofga Namangan viloyatidan ayni paytda Аndijon viloyati fuqarolik ishlari boʼyicha Boʼston tumanlararo sudining sudyasi boʼlib faoliyat olib borayotgan namanganlik Muhayyo Dedamirzaevaning onasi Oyshaxon Аhmadalieva hamda fuqarolik ishlari boʼyicha Chust tumanlararo sudining raisi Iqbolxon Koʼchkinova loyiq koʼrildilar. Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov mukofotlanganlarni muborakbod etib, ularga tashakkurnoma va esdalik qoʼl soatini topshirdi.
Bu kabi eʼtibor sudyalarning oʼz vazifalariga boʼlgan masʼuliyatlarini yanada oshirib, samarali faoliyatlarida munosib ragʼbat boʼladi.