KONSTITUTSIYA TARG’IBOTIGA MAS’ULMIZ

Prezidentimizning 2024-yil 17-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan biz sudyalar zimmasiga ham jiddiy mas’uliyat yuklandi.

 

Avvalo, Asosiy qonunimizning 32 yillik tantanalari “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishini e’tirof etish lozim. Bayram dasturida sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan targ‘ibot tadbirlari ham o‘rin olgan. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi. Bunda esa so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va rolini hamyurtlarimizga xalqchil tilda tushuntirib berishimiz lozim.


Bundan tashqari, bayram munosabati bilan konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar burchaklari tashkil etilishi belgilangan. Shu orqali biz “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” hayotiy shiorning mohiyati hamda ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganini ochib berishimiz zarur.


Sudlar zimmasiga yuklangan yana bir muhim vazifa bu – fuqarolar kundalik hayotida ko‘p uchraydigan vaziyatlarda (mulk huquqi kafolatlari, Miranda qoidalari va boshqa) Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishini jamoatchilikka yetkazishdir. Daxldor tashkilot va muassasalar esa “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi — erkin va farovon hayot garovi” shiori ostida shahar, tuman markazlaridagi davlat organlari binolariga o‘quvchi va talabalarni sayohatga olib kelishlari ham qayd etilgan bayram dasturida. Shu bois sudlarning eshigi yoshlarimiz uchun ochiq.


“Konstitutsiya oyligi” doirasida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun Konstitutsiyaning qoida hamda normalarini chuqurlashtirib o‘rgatishga qaratilgan o‘quv seminarlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Ayni tadbir sudyalarning asosiy qonunimizga oid bilimlarini yanada oshirishi va mustahkamlashi shubhasiz.

Kezi kelganda yurtdoshlarimizga asosiy qonunimizning ayrim normalarini yana bir karra eslatib o‘tishni lozim topdik. Uning 15- va 54-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.


Shuningdek, 59- va 60-moddasida barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajarishlari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliklari ham belgilangan.


Nodirjon KIMSANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy

tuman sudining sudyasi