TERGOV SUDYALARINING VAZIFALARI NIMALARDAN IBORAT?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2025-yilning 1-yanvaridan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyalari faoliyat boshlamoqda. Xo‘sh, mazkur yangi institutning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad nima? Tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan Namangan viloyatida o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotida ana shu savollarga batafsil javob olindi.
Sudyalar, prokuratura, ichki ishlar organlarining tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat bojxona, soliq boshqarmalari ma’muriy amaliyot xodimlari, advokatlar va boshqa daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda dastlab Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari tomonidan tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Prezident Farmoni ijrosini samarali tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgani, tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tegishli shtatlar ajratilib, tergov sudyalari tayinlangani aytib o‘tildi. Shuningdek, tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob oldilar.