QADRIYATLARING BOQIY BO’LSIN, NAVRO’Z!

Namangan viloyati sudida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.


Sudyalar va tizim xodimlari, ota-onalar ishtirok etgan tadbirda Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov barchani yasharish va yangilanish ayyomi bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.

Shundan so‘ng bir guruh sudya va xodimlar, ularning ota-onalariga viloyat sudi raisining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Viloyat sudi tomonidan Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilgan edi. Bayram tadbirida mazkur bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan sudya va sud xodimlari diplom va medallar bilan taqdirlandi.

Tadbirda shuningdek, navbatdagi mansab darajalari berilgan sud xodimlari e’lon qilinib, muborakbod etildi.

OBODLIK KO’NGILDAN BOSHLANADI

Namangan viloyati sudida Navro‘z umumxalq bayrami oldidan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.

Erta tongdan sudya va tizim xodimlari viloyat sudi hovlisi va atrofini saranjom-sarishta holatga keltirdilar. Daraxtlar oqlanib, shakl berildi. Manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Atrof-muhit turli chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirildi.

Bu kabi obodlik tadbirlari barcha sudlov hay’atlari hamda shahar va tuman sudlarida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

MEHNAT MUNOSABATLARIGA OID SEMINAR

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida mehnat munosabatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Shahar va tuman hokimliklari huquqshunoslari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlarining kadrlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda sudyalar ishtirok etgan tadbirda mehnat qonunchiligi me’yorlarini sud amaliyotida qo‘llash va mehnat nizolarining oldini olish, ishga tiklash masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.

Mavzu yuzasidan ma’ruza qilgan sudyalar mehnat munosabatlarining qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muhim jihatlariga to‘xtalib, ayrim ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdilar. Bu kabi mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlarning oldini olish bo‘yicha huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan qat’iy me’yorlarga amal qilish lozimligi ta’kidlandi.

Seminarda mehnat nizolarining oldini olish yuzasidan qatnashchilarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi. Yakunda qonunchilikni qo‘llashda kelib chiqayotgan ayrim tushunmovchiliklarga doir savollarga sudyalar tomonidan batafsil javob berildi.

Skip to content