SEMINAR-TRENING

Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bir qator qulayliklarni yaratishi bilan birga, ayrim xavf-xatarlarga, xususan turli kiberjinoyatlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 23-24 aprel kunlari Namangan viloyatida  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan “Kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish” mavzusida trening o‘tkazildi.

Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, tuman-shahar sudlari sudyalari ishtirok etgan treningda kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish, bu boradagi xorijiy tajribalarni amaliyotda qo‘llash, shuningdek transmilliy surishtiruvlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha sudyalarning malakasi oshirildi.

Treningda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida  kiberjinoyatchilik ahvoli”, “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning milliy-huquqiy asoslari”, “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar yuzasidan to‘plangan raqamli dalillarga to‘g‘ri baho berish va maqbulligini ta’minlash” mavzularida ma’ruzalar qilinib, ishtirokchilar raqamli kriminalistikaning zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.


Davlatmirza Kamilov,

Namangan viloyati sudining sudyasi

SUD RAISI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi hamda Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligining Namangan akademik litseyida amaliy Konferensiya va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan kelib chiqadigan vazifalarni sudyalar faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan alohida dastur bo‘yicha so‘z yuritildi. Sudyalar ushbu dasturda belgilangan muhim vazifalarga to‘xtalib, ularni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdilar.

Shundan so‘ng, Namangan viloyati sudi raisi, sud faxriylari hamda akdemik litsey o‘quvchilari ishtirokida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.   

Ochiq muloqot, samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda viloyat sudi raisi Alisher Usmanov, sud faxriylari o‘quvchilik va talabalik yillarini esga olib, Yangi O‘zbekiston yoshlariga yaratib berilayotgan bugungi sharoitlarni e’tirof etdilar. Sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligini ta’kidladilar.

Ichki ishlar vazirligining Namangan akademik litseyida ta’lim olayotgan o‘quvchilar orasida sud-huquq sohasiga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni jihatdan, yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mehmonlarga murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Jonli muloqotlarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida viloyat sudi raisi tomonidan ta’lim muassasasiga Namangan viloyati sudlarining “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albomi sovg‘a qilindi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar akademik litseyda tashkil etilgan “Jasorat” muzeyida bo‘ldilar. Ekskursiya davomida sudya va sud faxriylari ichki ishlar organlarining shonli tarixini aks ettiruvchi manbalar, muzey fondidagi nodir eksponatlar, tarixiy hujjatlar hamda milliy merosga oid ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Aytish joizki, ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ertangi faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat tashkilotlari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab yigit-qizlarga o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.

HAMKORLIKDAGI FAOLIYAT

Sud hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlanishi fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va ularning manfaatlarini kafolatli himoya qilishda muhim o‘ringa ega.

Ayni jihatdan, Namangan viloyati prokuraturasida tashkil etilgan amaliy seminar ham fuqarolik sudlari hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga bag‘ishlandi.

Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudyalari, prokuratura va majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etdilar.

Muloqotlarda asosiy e’tibor sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, ijro hujjatlarini qaytarilishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganish va ularga barham berishga qaratildi.  

Mazkur masalalar yuzasidan sudyalar, majburiy ijro byurosi xodimlarining amaliyotda uchrayotgan holatlar bo‘yicha ma’ruzalari eshitildi. Yakunda ijro samaradorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash maqsadida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda sud qarorlari ijrosini vaqtida ta’minlanishiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni qonun doirasida bartaraf etish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH MASALALARIGA BAG’ISHLANGAN YIG’ILISH

Korrupsiyadan holi bo‘lgan adolatli sud tizimini yaratish, odob-axloq qoidalariga rioya etish, sohada mavjud tizimli xato va kamchiliklarni bartaraf etish. Aynan shu masala Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari I. Muslimov Namangan viloyati sudlarining sudya va xodimlari, shuningdek Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti hududiy bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘tkazgan uchrashuvning asosiy mavzui bo‘ldi.

Muloqotda Oliy sud Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i M. Muxitdinov, hududlarga biriktirilgan Oliy sud sudyalari va mas’ul xodimlari, Namangan viloyat sudlarining sudyalari va xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyadan holi bo‘lgan adolatli sud tizimi yaratish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shuningdek Oliy sud raisining tizimda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha sudya va sud apparati xodimlariga yo‘llagan murojaatida ko‘tarilgan masalalar ijrosini to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida ma’muriy huquqbuzarlikka oid, korrupsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan jinoyat ishlarini ko‘rish va jazo tayinlashda, xususan korrupsion jinoyatni sodir etganlikda ayblangan shaxsni lavozimdan chetlashtirish masalalarida, shuningdek, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar aniq misollar asosida tanqidiy tahlil qilinib, bunda korrupsiyaviy omillarning oldini olishga qaratilgan tegishli tavsiyalar berildi.

Skip to content