KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar sudining sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdilar.   

Dastlab viloyat sudi raisi Alisher Usmanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tasdiqlangan “Sud organlarida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, shuningdek sudlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish buyicha 2025-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Mazkur hujjatda odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish, buning uchun sudyalar va tizim xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib Namangan viloyati sudlari tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi va bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ijro intizomi tanqidiy tahlil qilinib, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.


Dilmurod Madaminov,

Namangan viloyati sudi sudyasi

E’ZOZ VA E’TIBOR UCHRASHUVI

Bugun mamlakatimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi. Bunda esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilish” maqsadi mujassam. Sudyalar oliy kengashi tomonidan ham yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbir ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi Abdurasul Eranovning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi sudyalari, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari va yoshlar ishtirok etdilar. 

Dastlab mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, bu yerda sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdilar. Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi.

Tadbirning asosiy qismida so‘zga chiqqan sud, prokuratura faxriylari, sudyalar Abdurasul Eranovning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladilar.

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Shu kuni Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga A.Eranovning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu sudyalar hamjamiyatining mazkur umumta’lim maktabiga hurmat va ehtirom ramzi  bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonch ham hisoblanadi.

Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi hamda A.Eranov tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu kuni mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini ham qo‘shdilar.


Doniyor Tojiboyev,

Namangan viloyati sudi sudyasi

Skip to content