QADRDON MASKANGA TASHRIF

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov Chortoq tumanidagi o‘zi o‘qigan maktablarga tashrif buyurib, o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi.

Dastlab 11-sonli umumta’lim maktabida bo‘lgan viloyat sudi raisi ta’lim muassasasida o‘tgan o‘quvchilik yillarini eslab, bilim bergan Ustozlarini, sinfdoshlarini yodga oldi. O‘sha paytlardagi sharoitlaru bugungi yoshlarga, ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor xususida fikr bildirib, yurtimizda o‘qiyman degan har bir yosh uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini ta’kidladi. Buning uchun esa bilim olishga befarq bo‘lmaslik, ko‘p kitob o‘qish kerakligini aytib o‘tdi. Maktab jamoasiga Namangan viloyati sudi tomonidan nashr etilgan sudlar tarixiga bag‘ishlangan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom hamda badiiy adabiyotlar to‘plami sovg‘a qilindi. Ta’lim-tarbiya sohasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchilarga viloyat sudining tashakkurnomalari topshirildi. Eng asosiysi, viloyat sudi raisining tashabbusi bilan tez kunlarda maktab hovlisini obodonlashtirish va tadbirlar o‘tkaziladigan maydonchani asfaltlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Keyingi manzil viloyat sudi raisi boshlang‘ich ta’lim olgan 49-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Qadrdon sinfdoshlar, maktab jamoasi va o‘quvchilar jam bo‘lgan uchrashuv, intilganga hamisha tole yor ekanligining amaliy ifodasi bo‘ldi. Boisi, bundan 53 yil oldin ayni shu maktabda ilk bor o‘qish-yozishni o‘rgangan sobiq o‘quvchi bugun nufuzli idoralarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borayotganini yoshlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Viloyat sudi raisi mazkur ta’lim dargohi jamoasiga ham “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom, badiiy adabiyotlar to‘plami va zamonaviy televizor sovg‘a qildi. Faol o‘qituvchilarga esa tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng viloyat sudi raisi maktabning 9-sinf o‘quvchilariga “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida “Mustaqillik darslari”ni o‘tib berdi.