QADRDON MASKANDAGI UCHRASHUV

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov Chust tumanidagi o‘zi ta’lim olgan 42-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi.

1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan tashkil etilgan yo‘qlov tadbirida Ustozlar, viloyat sudi raisi bilan birga o‘qigan sinfdoshlar jam bo‘ldilar. Muloqotlarda o‘quvchilik yillari yodga olinib, bolalik xotiralari eslandi. Barcha muvaffaqiyatlarning kaliti ilm-ma’rifat ekani ta’kidlanib, yoshlarga bilim olishdan aslo to‘xtamaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng viloyat sudi raisi maktab jamoasiga Namangan viloyati sudlari tarixiga bag‘ishlab chop etilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom hamda badiiy adabiyotlar to‘plamini sovg‘a qildi. Ta’lim-tarbiya sohasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchilar, faol va tashabbuskor o‘quvchilarga viloyat sudining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Maktab-internatning sobiq o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv ertangi faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat tashkilotlari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab o‘g‘il-qizlarga o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.