«SUDYA VA YOSHLAR» UCHRASHUVI
Namangan viloyati ma’muriy sudi tashabbusi bilan Namangan davlat universitetida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Bo‘lajak huquqshunoslarni sud-huquq tizimidagi islohotlar, sud amaliyoti jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat ma’muriy sudi raisi va sudyalar, universitetning yuridik fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi oldidan tashkil etilgan tadbirda dastlab Namangan viloyati ma’muriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova sud-huquq sohasidagi islohotlar, mamlakatimizda odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Sudyalar yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni haqida gapirib, Bosh qomusimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarning bosh omili ekanligini ta’kidladilar.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Namangan davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangani, mazkur hujjatga asosan oliygoh talabalarining sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgani ta’kidlandi. Mazkur hujjatga asosan tadbirda ishtirok etgan talabalarga Oliy sud va quyi sudlarda kadrlar zaxirasini shakllantirish va nomzodlarni ishga qabul qilish tartibi, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy kafolatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ochiq, samimiy, savol-javoblarga boy tarzda kechgan uchrashuv yakunida yuridik fakultet jamoasiga Namangan viloyati sudlari tarixiga bag‘ishlab chop etilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom hamda badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.