SUD XODIMLARI «ZAKOVAT»DA BELLASHDILAR

Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yillik bayrami munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlarning sudyalari va xodimlaridan iborat to‘rt jamoa ishtirok etgan bellashuvlarda qatnashchilar tarix, huquq, mantiq, Konstitutsiyaga oid 20 ta savolga javob topishga harakat qildilar. Har bir savolni o‘ylash uchun bir daqiqadan vaqt berildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahsda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning “Qalqon” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga Namangan viloyati sudi raisi tomonidan diplom va sovg‘alar topshirildi.