SUD RAISI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI
O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi hamda Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligining Namangan akademik litseyida amaliy Konferensiya va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan kelib chiqadigan vazifalarni sudyalar faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan alohida dastur bo‘yicha so‘z yuritildi. Sudyalar ushbu dasturda belgilangan muhim vazifalarga to‘xtalib, ularni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdilar.

Shundan so‘ng, Namangan viloyati sudi raisi, sud faxriylari hamda akdemik litsey o‘quvchilari ishtirokida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot, samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda viloyat sudi raisi Alisher Usmanov, sud faxriylari o‘quvchilik va talabalik yillarini esga olib, Yangi O‘zbekiston yoshlariga yaratib berilayotgan bugungi sharoitlarni e’tirof etdilar. Sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligini ta’kidladilar.

Ichki ishlar vazirligining Namangan akademik litseyida ta’lim olayotgan o‘quvchilar orasida sud-huquq sohasiga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni jihatdan, yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mehmonlarga murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Jonli muloqotlarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida viloyat sudi raisi tomonidan ta’lim muassasasiga Namangan viloyati sudlarining “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albomi sovg‘a qilindi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar akademik litseyda tashkil etilgan “Jasorat” muzeyida bo‘ldilar. Ekskursiya davomida sudya va sud faxriylari ichki ishlar organlarining shonli tarixini aks ettiruvchi manbalar, muzey fondidagi nodir eksponatlar, tarixiy hujjatlar hamda milliy merosga oid ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Aytish joizki, ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ertangi faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat tashkilotlari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab yigit-qizlarga o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.