E’ZOZ VA E’TIBOR UCHRASHUVI

Bugun mamlakatimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi. Bunda esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilish” maqsadi mujassam. Sudyalar oliy kengashi tomonidan ham yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbir ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi Abdurasul Eranovning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi sudyalari, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari va yoshlar ishtirok etdilar. 

Dastlab mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, bu yerda sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdilar. Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi.

Tadbirning asosiy qismida so‘zga chiqqan sud, prokuratura faxriylari, sudyalar Abdurasul Eranovning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladilar.

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Shu kuni Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga A.Eranovning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu sudyalar hamjamiyatining mazkur umumta’lim maktabiga hurmat va ehtirom ramzi  bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonch ham hisoblanadi.

Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi hamda A.Eranov tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu kuni mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini ham qo‘shdilar.