GENERALISSIMUS Telegram-kanalida e’lon qilingan bildirish yuzasidan
Videolavha izohida turmush o‘rtog‘ining umriga zomin bo‘lgan ayolni “sud atigi 10 yilga qamadi”, deya e’tiroz bildirilgan. Bunga javoban Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismiga e’tibor qaratish zarur. Unda belgilab qo‘yilganidek, “Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas”.
Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi S.T. “Telegram” messenjeri orqali bir necha erkaklar bilan tanishib qolib, ular bilan yozishib yuradi va buni turmush o‘rtog‘i hamda oila a’zolaridan yashiradi.
Biroq, mazkur holatdan turmush o‘rtog‘i N.T. xabar topgach, o‘rtalarida janjal sodir bo‘ladi va S.T.ning eri uni uydan haydab yuborish bilan qo‘rqitadi. Sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqan ayol oshxona pichog‘i bilan erini qasddan o‘ldiradi.
Sud S.T.ga nisbatan jazo tayinlashda Qonun va Oliy sud Plenumi talablariga rioya qilib, Jinoyat kodeksining 50-moddasi talabidan kelib chiqib, aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy va moddiy ahvolini, muqaddam sudlanmaganligini, ayol kishiligini, voyaga yetmagan 4 nafar farzandi borligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb topgan. Jabrlanuvchi qonuniy vakilining qonuniy chora ko‘rish haqidagi talabidan kelib chiqib, S.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksmning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
S.T.ga oid jinoyat ishi apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida ko‘rilmagan. Taraflarga sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori instansiya sudiga shikoyat keltirishning tartibi va muddatlari tushuntirilgan.






