KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH – DAVR TALABI
Korrupsiya jamiyatimiz taraqqiyotiga, xalqimizning farovon turmushi va davlatimiz nufuziga jiddiy xavf soladigan xavfli illatdir. Shu bois, unga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatli burchi hisoblanadi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Bundan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik bazasi takomillashtirildi, parlament palatalarida ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati tashkil etilgani qisqa vaqt ichida o‘zining ijobiy natijasini berdi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonning ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilandi.
Bugun juda ko‘p davlat xizmatlari raqamlashtirilib, yuzlab ortiqcha ma’lumotlarni so‘rash amaliyotiga barham berildi.
Sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va turli suiiste’molchiliklarga barham berish, sudlarda ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishini nazorat qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida, sohani raqamlashtirishga e’tibor qaratilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va inson omilini sezilarli darajada qisqartirishga erishilmoqda.
Shu maqsadda Namangan viloyat sudlari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishlar qonun talabi asosida ko‘rib chiqilib, jazoning muqarrarligi ta’minlanmoqda. Jumladan, 2025 yilda korrupsiya bilan bog‘liq 549 nafar shaxsga nisbatan 349 ta jinoyat ishi ko‘rib, tamomlangan.
Shu bilan birga, yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda qo‘shimcha jazo choralarining katta ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, 273 nafar sudlanuvchilarga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish qo‘shimcha jazosi qo‘llanilgan.
2025 yilda sudlarda ko‘rilgan korrupsiya bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha soha xodimlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p korrupsiyaviy holatlar maktabgacha va maktab ta’limi, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimida sodir etilgan.
Mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha joylarga sudning 204 ta xususiy ajrimi yuborilgan, 135 ta jinoyat ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.
Masalan, Namangan shahridagi 45-umumta’lim maktabi direktori Muhayyo Samadova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2024 yil avgust oyi o‘rtalarida ingliz tili muallimasi Zamira Ahmadalievani huzuriga chaqiradi-da, 200 AQSh dollar bersa, o‘tgan yilgi dars soatini saqlab qolishiga ishora qiladi. Buni eshitib, o‘qituvchi o‘ta noqulay vaziyatga tushadi: rahbarning talabiga ko‘nmasa, maoshi pasayadi, uning talabini bajaray desa, bu mablag‘ni qaerdan olishni bilmasdi. Bundan yomoni shundaki, M. Samadova yana ikki nafar ingliz tili o‘qituvchisiga nisbatan shunday ta’magirlik qiladi… Oxir-oqibat o‘qituvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qilgach, jinoyat fosh etiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida esa, Davlatobod tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori Sharif Rasulovning ta’magirlik bilan bog‘liq qilmishlari ko‘rib chiqildi. Bu kimsa 2024 yil may oyidan mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘basi inspektori lavozimida faoliyat yuritib, uchta mahalla hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan “ulush” olib kelgan. U faoliyati davomida “G‘irvon” savdo majmuasida Akmal Jamolov belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmay savdo qilayotganini aniqlaydi. Bunday holat uddaburon soliqchi uchun ayni muddao bo‘ladi. Ya’ni u huquqbuzar tadbirkorga nisbatan dalolatnoma tuzmaslik evaziga uch million so‘m talab qiladi.
Shuningdek, sudlanuvchi O‘rta G‘irvon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritadigan tadbirkorlardan daromad solig‘ini naqd berishsa, shaxsiy hisob varaqlariga to‘lab qo‘yishni aytib, ularni aldaydi.
Natijada tadbirkorlarning 12 million 347 ming so‘m mablag‘ini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.
Sud tomonidan yuqorida bayon etilgan ikki holat yuzasidan sudlanuvchilar tegishli jazo tayinlandi.
Xulosa o‘rnida aytganda, har bir tashkilot korrupsiyaviy holatlarni chuqur tahlil qilishi, bunga imkon bergan illatlarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilashi shart.
Zafarjon Rasulov,
Namangan viloyati
sudi sudyasi






