AHOLI MUROJAATLARI O’RGANILDI
Аholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar tashkil etilayotgani fuqarolarni oʼylantirayotgan koʼplab masalalarning ijobiy yechim topishiga sabab boʼlmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabulda yurtdoshlarimizning sud-huquq yoʼnalishidagi murojaatlari eshitildi.
Oliy sud raisining oʼrinbosari Shuhrat Polvonov rahbarligida boʼlib oʼtgan qabullarda fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlar bilan bogʼliq 51 ta murojaatlari koʼrib chiqildi. Shundan Oliy sud raisi oʼrinbosari 25 nafar fuqaroning sud-huquq masalalariga doir murojaatlarini oʼrgangan boʼlsa, Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov 19 nafar, viloyat maʼmuriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova 7 nafar fuqaroning murojaatlarini tingladi.
Murojaatlarning 33 tasi boʼyicha huquqiy tushuntirish berilib, 10 ga yaqin murojaat yuzasidan ariza va shikoyatlar Oliy sud tomonidan oʼrganish uchun qabul qilib olindi. 8 ta murojaat joyida oʼz yechimini topdi.
Shuningdek, sayyor qabul davomida oʼtkazilgan sayyor sud majlislarida sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni oʼtayotgan 12 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtganligi munosabati bilan jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari boʼyicha sudlar tomonidan ish haqi, aliment undirish boʼyicha murojaatlar oʼrganilib, sud buyruqlari chiqarildi va ijroga qaratildi. Аjrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat oʼtkazilib, 2 ta oila yarashtirildi.
Namangan viloyati sudi axborot xizmati