AJDODLAR TAJRIBASI – YOSHLAR MAKTABI

Namangan viloyati sudi tomonidan tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bu galgi tadbir ham kechagi, bugungi va ertangi avlod vakillarini birlashtirdi. 

Sud faxriylari, shu sohada ishlab bugun boshqa idora va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan huquqshunoslar, sudyalar va tizim xodimlari ishtirok etgan tadbir avvalida turli yillarda sud idoralarida faoliyat olib borgan marhum sudyalar xotirlandi. Ular xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilib, o‘tganlar yodga olindi.


Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov so‘zga chiqib, barchani Bosh qomusimizning 32 yilligi bilan muborakbod etdilar. Mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida barcha sohalar qatori sud tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash yo‘lida qator Qonun, farmon va qarorlar qabul qilinayotganini ta’kidladilar. Mazkur o‘zgarishlar sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatida o‘z aksini topayotgani e’tirof etildi. 

Ustozlarni e’zozlab, ularga hurmat ko‘rsatish ezgu va xayrli ish. Shu ma’noda tadbirda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi, “O‘zbekistondan xizmat ko‘rsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboevga Namangan viloyati hokimligi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining tashakkurnomasi topshirildi.

Albatta, e’tibor va e’zoz har bir xodimni faol va tashabbuskor bo‘lishga, o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Shu nuqtai-nazardan uchrashuvda viloyat sudlarida ko‘p yillar faoliyat olib borgan faxriylar, bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan sudyalar va tizim xodimlaridan bir guruhi Namangan viloyati hokimi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, adliya boshqarmasi hamda viloyat kasaba uyushmalari birlashmasining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

Tadbirda shuningdek, viloyat sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob muallifi, manbashunos-jurnalist Rahimjon Irisov mazkur solnoma haqida gapirib, unda keltirilgan tarixiy manbalar va shaxslarning sud tizimidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.


Hayotning baland-pastini, achchiq-chuchugini ko‘rgan keksalarning har biri o‘zi bir dorilfunun. Ularning tajribasiga, yo‘l-yo‘rig‘iga suyangan odam hech qachon qoqilmaydi. Viloyat sudi tomonidan o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da ham yoshlar ana shunday ko‘pni ko‘rgan insonlar bilan muloqotda bo‘lib, hayotiy tajribalaridan ibrat oldilar.