KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH – DAVR TALABI

Korrupsiya jamiyatimiz taraqqiyotiga, xalqimizning farovon turmushi va davlatimiz nufuziga jiddiy xavf soladigan xavfli illatdir. Shu bois, unga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatli burchi hisoblanadi.


Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.


Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.


Bundan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik bazasi takomillashtirildi, parlament palatalarida ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati tashkil etilgani qisqa vaqt ichida o‘zining ijobiy natijasini berdi.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonning ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilandi.


Bugun juda ko‘p davlat xizmatlari raqamlashtirilib, yuzlab ortiqcha ma’lumotlarni so‘rash amaliyotiga barham berildi.


Sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va turli suiiste’molchiliklarga barham berish, sudlarda ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishini nazorat qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida, sohani raqamlashtirishga e’tibor qaratilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va inson omilini sezilarli darajada qisqartirishga erishilmoqda.


Shu maqsadda Namangan viloyat sudlari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishlar qonun talabi asosida ko‘rib chiqilib, jazoning muqarrarligi ta’minlanmoqda. Jumladan, 2025 yilda korrupsiya bilan bog‘liq 549 nafar shaxsga nisbatan 349 ta jinoyat ishi ko‘rib, tamomlangan.


Shu bilan birga, yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda qo‘shimcha jazo choralarining katta ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, 273 nafar sudlanuvchilarga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish qo‘shimcha jazosi qo‘llanilgan.


2025 yilda sudlarda ko‘rilgan korrupsiya bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha soha xodimlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p korrupsiyaviy holatlar maktabgacha va maktab ta’limi, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimida sodir etilgan.


Mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha joylarga sudning 204 ta xususiy ajrimi yuborilgan, 135 ta jinoyat ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.


Masalan, Namangan shahridagi 45-umumta’lim maktabi direktori Muhayyo Samadova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2024 yil avgust oyi o‘rtalarida ingliz tili muallimasi Zamira Ahmadalievani huzuriga chaqiradi-da, 200 AQSh dollar bersa, o‘tgan yilgi dars soatini saqlab qolishiga ishora qiladi. Buni eshitib, o‘qituvchi o‘ta noqulay vaziyatga tushadi: rahbarning talabiga ko‘nmasa, maoshi pasayadi, uning talabini bajaray desa, bu mablag‘ni qaerdan olishni bilmasdi. Bundan yomoni shundaki, M. Samadova yana ikki nafar ingliz tili o‘qituvchisiga nisbatan shunday ta’magirlik qiladi… Oxir-oqibat o‘qituvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qilgach, jinoyat fosh etiladi.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida esa, Davlatobod tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori Sharif Rasulovning ta’magirlik bilan bog‘liq qilmishlari ko‘rib chiqildi. Bu kimsa 2024 yil may oyidan mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘basi inspektori lavozimida faoliyat yuritib, uchta mahalla hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan “ulush” olib kelgan. U faoliyati davomida “G‘irvon” savdo majmuasida Akmal Jamolov belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmay savdo qilayotganini aniqlaydi. Bunday holat uddaburon soliqchi uchun ayni muddao bo‘ladi. Ya’ni u huquqbuzar tadbirkorga nisbatan dalolatnoma tuzmaslik evaziga uch million so‘m talab qiladi.


Shuningdek, sudlanuvchi O‘rta G‘irvon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritadigan tadbirkorlardan daromad solig‘ini naqd berishsa, shaxsiy hisob varaqlariga to‘lab qo‘yishni aytib, ularni aldaydi.


Natijada tadbirkorlarning 12 million 347 ming so‘m mablag‘ini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.


Sud tomonidan yuqorida bayon etilgan ikki holat yuzasidan sudlanuvchilar tegishli jazo tayinlandi.


Xulosa o‘rnida aytganda, har bir tashkilot korrupsiyaviy holatlarni chuqur tahlil qilishi, bunga imkon bergan illatlarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilashi shart.

Zafarjon Rasulov,

Namangan viloyati

sudi sudyasi

IQTISODIY SUDLARGA ELEKTRON MUROJAAT QILISH TARTIBI

Sud-huquq tizimini raqamlashtirish zamonaviy davlat boshqaruvining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida ham sud hokimiyati faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, iqtisodiy sudlarga elektron tartibda murojaat qilish mexanizmining joriy etilishi sud ishlarini ko‘rib chiqish jarayonida tezkorlik, shaffoflik va qulaylikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.


Iqtisodiy sudlarga elektron tartibda murojaat qilish instituti, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi normalariga asoslanadi. Mazkur kodeksda da’vo arizasi, ariza va shikoyatlarni taqdim etish shakli, ularga qo‘yiladigan talablar hamda protsessual harakatlarni amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.

Xususan, Iqtisodiy protsessual kodeks normalariga muvofiq, protsessual hujjatlar elektron shaklda taqdim etilishi mumkin bo‘lib, bunday hujjatlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi shart. Kodeksga ko‘ra, elektron shaklda taqdim etilgan da’vo arizalari va boshqa protsessual hujjatlar qog‘oz shaklida taqdim etilgan hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega hisoblanadi.


Shuningdek, kodeksda sudga murojaat qilish, ishni yuritish, taraflarni xabardor qilish va sud hujjatlarini yetkazishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga ruxsat beruvchi normalar mavjud. Bu esa iqtisodiy sudlarga elektron tartibda murojaat qilishning huquqiy poydevorini mustahkamlaydi.


Bundan tashqari, ushbu institut O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni, sud-huquq tizimini raqamlashtirishga qaratilgan Prezident farmon va qarorlari hamda sud organlarining idoraviy normativ hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.


Iqtisodiy sudlarga elektron murojaat qilish amaliyoti O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Ushbu portal sudlarga murojaat qilish, protsessual hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish, ishlarning ko‘rib chiqilish holatini kuzatish hamda sud qarorlari bilan tanishish imkonini beradi.


Portal sud ishtirokchilari uchun yagona elektron maydon yaratib, sud va murojaat etuvchi o‘rtasidagi aloqani soddalashtiradi. Elektron xizmatlar orqali da’vo arizasi, ariza, shikoyat va iltimosnomalar yuborish bilan bir qatorda, sud chaqiruvlari va xabarnomalarini elektron tarzda qabul qilish imkoniyati mavjud.


Oliy sudning interaktiv xizmatlari portali orqali iqtisodiy sudlarga elektron murojaat qilish quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:


  1. Foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish – murojaat qiluvchi shaxs portal orqali shaxsiy kabinet yaratadi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxs haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
  2. Elektron raqamli imzodan foydalanish – elektron murojaatlarni tasdiqlash uchun elektron raqamli imzo qo‘llaniladi. Bu hujjatning haqiqiyligi va huquqiy kuchini ta’minlaydi.
  3. Protsessual hujjatni rasmiylashtirish – da’vo arizasi yoki boshqa murojaat shakli elektron tarzda to‘ldiriladi. Unda taraflar, talab mazmuni, dalillar va huquqiy asoslar ko‘rsatiladi.
  4. Ilova hujjatlarni taqdim etish – ish bo‘yicha ahamiyatga ega bo‘lgan barcha hujjatlar elektron fayl shaklida portal orqali yuklanadi.
  5. Davlat bojini elektron to‘lash – davlat boji elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lanib, to‘lov haqidagi ma’lumot avtomatik ravishda tizimga kiritiladi.
  6. Murojaatni yuborish va nazorat qilish – murojaat yuborilgandan so‘ng, foydalanuvchi ishning harakatini shaxsiy kabinet orqali onlayn kuzatib borishi mumkin.

Iqtisodiy sudlarga elektron tartibda murojaat qilish quyidagi ilmiy-amaliy ahamiyatga ega:

          – sud ishlarini ko‘rib chiqishda protsessual muddatlarni qisqartirish;

          – sud xarajatlari va vaqt sarfini kamaytirish;

          – sud faoliyatining oshkoraligi va ochiqligini ta’minlash;

          – tadbirkorlik subyektlarining sud himoyasiga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish;

          – inson omili ta’sirini qisqartirish orqali korrupsiya xavfini kamaytirish.


Shu bilan birga, elektron murojaat qilish amaliyotida ayrim muammolar mavjud. Jumladan, elektron raqamli imzoni olishda texnik qiyinchiliklar, ayrim hududlarda internet tarmog‘ining yetarli darajada rivojlanmaganligi hamda foydalanuvchilarning raqamli huquqiy madaniyati pastligi ushbu tizimdan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilishi mumkin.


Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portali orqali iqtisodiy sudlarga elektron tartibda murojaat qilish instituti sud-huquq tizimini isloh qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. U odil sudlovga bo‘lgan huquqni amaliy ta’minlash, sud ishlarining samaradorligini oshirish va zamonaviy raqamli davlat qurish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Kelgusida mazkur tizimni yanada takomillashtirish orqali iqtisodiy nizolarni hal etishda yuqori natijalarga erishish mumkin.


Abror Karimov,

Namangan tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

E’TIROF VA E’ZOZ

Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan odil sudlovni amalga oshirishda yuqori reyting ko‘rsatkichga ega bo‘lgan sudyalarni “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlash belgilangan. Bu yil ham Sudyalar oliy kengashi tomonidan odil sudlovga erishishdagi ko‘rsatkichlari barobarida o‘zining chuqur bilimi hamda ma’naviy fazilatlari bilan kasbdoshlariga namuna bo‘layotgan bir qator sudyalar “Ibratli sudya” mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Mazkur yuksak mukofot bilan taqdirlanganlar orasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining raisi Tojiddin Madrahimov ham bor. Sudyalar oliy kengashi tomonidan videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida “Ibratli sudya” deb topilgan sud tizimi fidoyilariga mukofotlar tantanali tarzda topshirildi.

Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan tizimda samarali faoliyat olib borayotgan sudyalarning ota-onalari ham tashakkurnoma bilan taqdirlandilar. Bunday e’tirofga Namangan tumanlararo ma’muriy sudining raisi Faxriddin Madrahimovning ota-onalari ham loyiq ko‘rildilar.

Taqdirlash marosimida viloyat sudi raisi, sudyalar mukofotlanganlarni muborakbod etib, albatta bu adolat va haqiqat yo‘lida faoliyat olib borayotgan sudyalarga rag‘bat o‘laroq, odil sudlovni qaror toptirishda yuksak mas’uliyat ekanini ta’kidladilar.

E’ZOZ VA EHTIROM UCHRASHUVI

Bugun mamlakatimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi. Bunda esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilish” maqsadi mujassam. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi tomonidan ham yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday “Uch avlod uchrashuvi” ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda nuroniylar, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari, sudyalar va yoshlar ishtirok etdilar. 

Tadbirning asosiy qismida so‘zga chiqqan sud, prokuratura faxriylari, sudyalar G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladilar. 

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shu kuni Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu sudyalar hamjamiyatining mazkur umumta’lim maktabiga hurmat va ehtirom ramzi  bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonch ham hisoblanadi.

Tadbir doirasida mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, bu yerda sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdilar. Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi.

Shu kuni mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini ham qo‘shdilar.

Skip to content