E’ZOZ VA EHTIROM UCHRASHUVI

Bugun mamlakatimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi. Bunda esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilish” maqsadi mujassam. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi tomonidan ham yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday “Uch avlod uchrashuvi” ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda nuroniylar, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari, sudyalar va yoshlar ishtirok etdilar. 

Tadbirning asosiy qismida so‘zga chiqqan sud, prokuratura faxriylari, sudyalar G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladilar. 

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shu kuni Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga G‘ozixon Yaxyoxo‘jaevning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu sudyalar hamjamiyatining mazkur umumta’lim maktabiga hurmat va ehtirom ramzi  bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonch ham hisoblanadi.

Tadbir doirasida mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, bu yerda sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdilar. Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi.

Shu kuni mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini ham qo‘shdilar.