HAMKORLIK
Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan “Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda sud va notariatning hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Sudyalar, notarial idora vakillari ishtirok etgan tadbirda fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud va notariat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, bu jarayonda ochiqlik, shaffoflik, samaradorlikni ta’minlash, shuningdek sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, sudyalar tomonidan sud amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, notariuslar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tushuntirildi.

Davra suhbatida shuningdek, notarial harakatlarga oid nizolarni sudgacha va sudda hal etilishida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari borasida ham so‘z yuritildi.

Fikr-mulohazalar, savol-javoblarga boy o‘tgan muloqot yakunida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.






