HAMKORLIKDAGI FAOLIYAT
Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari boʼyicha sudlov hayʼati tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasida tergov sifatini yanada yaxshilash masalalariga bagʼishlangan oʼquv seminar mashgʼuloti oʼtkazildi.
Ichki ishlar idoralarining tergovchilari, prokuratura, bojxona idoralari xodimlari ishtirok etgan seminarda Namangan viloyati sudi raisining oʼrinbosari Аdhamjon Mirzaev joriy yilning oʼtgan davri mobaynida dastlbaki tergov organlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklarga toʼxtalib oʼtdi. Maʼmuriy materiallar va jinoyat ishlarini sudlarda koʼrish jarayonidagi ayrim muammolar tahlil etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangi qonunlarni qoʼllashda yuzaga kelishi mumkin boʼlgan tushunmovchiliklarning oldini olish va tergov jarayonida fuqarolarning huquqlarini toʼliq taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Seminarda sudyalar Sh.Qurbonov, D.Tojiboev, E.Аbdullaev, Q.Аlijonov amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklar haqida gapirib, ularni bartaraf etish boʼyicha oʼz fikrlarini bildirdilar.
Yakunda mavzu yuzasidan taklif va mulohazalar eshitilib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
Namangan viloyati sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi