IQTISODIY SUDLAR TUZILMASI MAQBULLASHTIRILMOQDA
Keyingi yillarda mamlakatimizda sudlov faoliyatini raqamlashtirish, sud tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgust kuni qabul qilingan «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ham ushbu ishlarni izchil davomi hisoblanadi.
Mazkur Farmonda iqtisodiy sudlar tizimida ham tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish belgilangan.
Jumladan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bugungi kunda Respublikamizda 68 ta tumanlararo, tuman shahar iqtisodiy sudlari faoliyat olib bormoqda.
Tan olib aytish joizki, hatto bir viloyatning o‘zidagi tumanlararo iqtisodiy sudlarida ham ayni bir toifadagi bir xil nizolar bo‘yicha turli xil sud amaliyotlari uchramoqda. Bu esa fuqarolar va tadbikorlik sub’ektlarining odil sudlovga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.
Mazkur Farmon bilan iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida 14 ta tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etilish nazarda tutilgan.
Bundan ko‘zlangan maqsad iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish, sud resurslaridan samarali foydalanish va yagona sud amaliyotini shakllantirish hisoblanadi.
Pirovardida fuqarolar va tadbikorlik sub’ektlarining iqtisodiyot sohasidagi buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini samarali himoya qilish orqali ularning odil sudlovga erishish darajasi yanada oshiraladi.
Jasurbek Abidov,
Uchqo‘rg‘on tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi