KITOB – MA’NAVIYAT KO’ZGUSI

Namangan viloyati sudida “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi. Sud tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan mazkur tanlov sudya va sud xodimlarining ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Mazkur tanlovda Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudidan 30 nafar sudya va sud xodimlari ishtirok etdilar.

Tanlovda ishtirokchilarning kitobxonlik madaniyati ikki shart bo‘yicha baholandi. Birinchi shartda sudya va sud xodimlari o‘zbek va jahon adabiyoti yozuvchilari asarlarining mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berdilar. Ikkinchi shartda kitobxonlar kommissiya a’zolari tomonidan tuzib chiqilgan savollarga tezkor tarzda javob berish bilan o‘z qobiliyatlarini namoyish etdilar. 

Hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchining badiiy asar haqidagi nutqi, savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob berishi adolatli tarzda baholab borildi.

Tanlov g‘oliblari mustaqilligimizning 33 yillik bayram shodiyonalari arafasida e’lon qilinib, viloyat sudining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.