MEHNAT MUNOSABATLARIGA OID SEMINAR

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida mehnat munosabatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Shahar va tuman hokimliklari huquqshunoslari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlarining kadrlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda sudyalar ishtirok etgan tadbirda mehnat qonunchiligi me’yorlarini sud amaliyotida qo‘llash va mehnat nizolarining oldini olish, ishga tiklash masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.

Mavzu yuzasidan ma’ruza qilgan sudyalar mehnat munosabatlarining qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muhim jihatlariga to‘xtalib, ayrim ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdilar. Bu kabi mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlarning oldini olish bo‘yicha huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan qat’iy me’yorlarga amal qilish lozimligi ta’kidlandi.

Seminarda mehnat nizolarining oldini olish yuzasidan qatnashchilarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi. Yakunda qonunchilikni qo‘llashda kelib chiqayotgan ayrim tushunmovchiliklarga doir savollarga sudyalar tomonidan batafsil javob berildi.