MUNOSIB E’TIROF
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining raisi Sohibaxon Yo‘lchiyeva Namangan viloyati sudiga bu gal oilasi bilan tashrif buyurdi. Boisi, uning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati Sudyalar Oliy kengashi tomonidan e’tirof etilib, “Ibratli sudya” mukofotiga loyiq ko‘rildi.
Shu munosabat bilan Sudyalar Oliy kengashi tomonidan o‘tkazilgan taqdirlash marosimi barcha hududlarga videokonferensaloqa tarzida ulanib, “Ibratli sudya” deb topilgan sud tizimi fidoyilariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Taqdirlash marosimida viloyat sudi raisi Alisher Usmanov davlatimiz rahbarining Farmoniga asosan joriy etilgan mazkur mukofot adolat va haqiqat yo‘lida faoliyat olib borayotgan sudyalarga rag‘bat o‘laroq, odil sudlovni qaror toptirishda yuksak mas’uliyat ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda shuningdek, Sudyalar Oliy kengashining qarori bilan sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining raisi Tojiddin Madrahimov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining raisi Baxtiyor Obidov, yangi lavozimga tayinlangan sudyalar Abdurasul Muhiddinov, Baxtiyor Olimjonovning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilandi. Marosimga taklif etilgan sudyalarning ota-onalari, oila-a’zolariga viloyat sudi raisi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Tadbirda so‘z olgan sudyalar ko‘rsatilgan bunday e’tibor va rag‘batdan xursand ekanliklarini aytib, faoliyatlari davomida odil sudlovni ta’minlashga, fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga halol va vijdonan, sidqidildan harakat qilishga va’da berdilar.