MUSTAHKAM OILA – JAMIYAT TAYANCHI

Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan Namangan shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda boshqa daxldor tashkilotlar hamkorligida “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Namangan viloyati ma’muriy sudi raisi, fuqarolik sudlari raislari va sudyalar, Namangan shahridagi imom-xatiblar, otinoyilar, xotin-qizlar faollari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda oilalarni mustahkamlash, oilaviy nizo va ajralishlarning oldini olish, xotin-qizlarga nisbatan bo‘ladigan zo‘ravonliklarga qarshi kurashish, ularning huquq va manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishini ta’minlashga doir masalalar xususida so‘z yuritildi.

Xususan, Namangan viloyati ma’muriy sudi raisi Z.Qurbonova oilaning milliy qadriyat va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan muqaddas maskan ekanligini ta’kidlab, uning mustahkamligini saqlash, har bir oila uchun munosib turmush sharoitini yaratish, ajrimlarning oldini olish bugungi kundagi eng ustuvor vazifalardan biri ekanligiga e’tibor qaratdi.

Tadbirda oila sudyalari tomonidan nikohdan ajratish bilan bog‘liq fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti bo‘yicha tushuntirish berilib, mazkur jarayonda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, oilaviy, maishiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha tergov sudyalari ma’lumot berdilar.

Seminarda shuningdek, imom-xatiblar va otinoyilar, mahalla faollari oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga sudyalar tomonidan  batafsil javob berildi. Shuningdek, hamkorlikda olib boriladigan ishlar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.