OILAVIY ZO‘RAVONLIKKA QARSHI KURASH — QONUN VA SUDNING USTUVOR VAZIFASI

Oila – jamiyatning eng muhim poydevori. Unda ma’naviyat, axloq, insonparvarlik va barqarorlik kabi qadriyatlar shakllanadi. Biroq ayrim hollarda oila muhitida salbiy holatlar kuzatilib, zo‘ravonlikka asoslangan munosabatlar paydo bo‘ladi. Bu esa nafaqat jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i va hayotiga, balki jamiyatning barqarorligiga ham tahdid soladi. Shu bois oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan va sudlar zimmasiga muhim vazifalar yuklangan.


Milliy qonunchilikdagi huquqiy asoslar


So‘nggi yillarda mamlakatimizda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonunchilik bazasi sezilarli darajada takomillashtirildi:

  • “Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun (2019 yil) — oilaviy zo‘ravonlikning jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va jinsiy turlarini aniq belgilab berdi. Himoya orderi instituti joriy qilindi.
  • “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun (2019 yil) — diskriminatsiyaning oldini olish va teng huquqli munosabatlarni ta’minlashga qaratilgan.
  • Ma’muriy va jinoiy javobgarlik — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar asosida oilaviy zo‘ravonlik holatlari alohida javobgarlik asosida ko‘rib chiqiladi.

Bu qonunchilik islohotlari sudlarga zo‘ravonlik holatlarini huquqiy jihatdan xolis baholash, jabrlanuvchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish imkonini berdi.


Sud amaliyotida dolzarb masalalar


Sudlarda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqilayotganda qator muammolarga e’tibor qaratilmoqda:

  • ayrim hollarda jabrlanuvchilarning o‘z huquqlarini bilmasligi yoki yordam so‘rashdan cho‘chishi;
  • mahalliy darajada “oilaviy nizo” sifatida baholash holatlari;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yetarli tayyorgarlikka ega emasligi.

Yaqinda jamoatchilik e’tiboriga tushgan voqea — kelinning molxonada majburiy saqlangani holati — oilaviy zo‘ravonlikning qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu kabi ishlar sud amaliyotida nafaqat jinoyat tarkibini baholashni, balki inson qadri va huquqlarining oliy qiymat ekanini ta’minlashni talab etadi.


Xalqaro tajriba


Jahon amaliyotida oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlari qo‘llanilmoqda:

  • Turkiya — 6284-sonli Qonun asosida zo‘ravonlikka qarshi tezkor himoya choralari joriy etilgan.
  • Skandinaviya mamlakatlari — gender tengligi va huquqiy ongni oshirish orqali profilaktikaga katta e’tibor qaratilgan.
  • Yevropa Kengashining Istanbul Konvensiyasi — oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kompleks yondashuvni nazarda tutadi.

O‘zbekiston bu tajribalardan kelib chiqib, milliy qonunchilik va sud amaliyotini yanada takomillashtirish yo‘nalishida ish olib bormoqda.


Sudning ustuvor vazifalari


Sud amaliyotida oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilanadi:

  1. Jabrlanuvchilarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash.
  2. Zo‘ravonlarga nisbatan jazo muqarrarligini kafolatlash.
  3. Qonunchilikda belgilangan himoya mexanizmlarini izchil qo‘llash (himoya orderi, boshpana, huquqiy yordam).
  4. Profilaktik ta’sirga ega qarorlar qabul qilish, jamiyatda murosasizlik tamoyilini mustahkamlash.

Xulosa


Oilaviy zo‘ravonlik shaxsiy masala emas, balki jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga daxldor umumiy muammodir. Qonun va sudning ustuvor vazifasi — har bir shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslikdir. Sud amaliyotida qabul qilinadigan qarorlar orqali nafaqat adolat ta’minlanadi, balki jamiyatda huquqiy ong va ishonch mustahkamlanadi.

Shuhrat Sheraliyev

Namangan tumanlararo

iqtisodiy sudining sudyasi