«POKLANISH PALLASI» KITOBI TAQDIMOTI O’TKAZILDI

Namangan viloyati sudi tomonidan Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboevning “Poklanish pallasi” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Sud faxriylari, sudyalar va tizim xodimlari ishtirok etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda dastlab viloyat sudi sudyasi Davlatmirza Kamilov “Poklanish pallasi” risolasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, ushbu kitobda sudyaning qonun talablariga rioya etishi, kasbiy mas’uliyat mezonlari, ma’naviy yuksalishga bo‘lgan intilishi, har bir ishni oqibatini o‘ylashi lozimligi, halol va pok bo‘lishiga oid fikrlar jamlanganini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, viloyat sudi raisi Alisher Usmanov so‘zga chiqib, sud faxriysi U. Mingboevning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidladilar.

Ustoz Ubaydulla Mingboev ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qilar ekanlar, sudya o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uyg‘ota olishi lozimligini alohida ta’kidladilar. Shundan so‘ng “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboevning dastxatlari tushirilgan “Poklanish pallasi” kitobi faxriy mehmonlarga topshirildi.