SAYYOR QABULDA SUDGA DOIR MUROJAATLAR O’RGANILDI
Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar tashkil etilayotgani fuqarolarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalarning ijobiy yechim topishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Namangan viloyati sudlari mas’ullari tomonidan Yangi Namangan tumanida tashkil etilgan navbatdagi ommaviy sayyor qabulda yurtdoshlarimizning sud-huquq yo‘nalishidagi murojaatlari eshitildi.

Sayyor qabulda 51 nafar fuqarolarning sudlarga doir murojaatlari ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 19 tasi jinoyat, 15 tasi fuqarolik, 6 tasi iqtisodiy hamda 11 tasi ma’muriy sudlarga taalluqlidir. Murojaatlarga mus’ullar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilib, 3 ta taftish tartibidagi shikoyat, 3 ta ariza va iltimosnomalar Oliy sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

Qabul doirasida o‘tkazilgan sayyor sudlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining tergov sudyalari tomonidan 5 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy ish taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. Shuningdek, taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 12 nafar mahkumlar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Fuqarolik sudlari tomonidan oilaviy nizo sababli alohida yashayotgan va nikohdan ajratish haqida sudga murojaat qilgan 5 ta fuqarolik ishini ko‘rish jarayonida ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalarga tushuntirish ishlari o‘tkazilishi natijasida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan 2 ta oila yarashtirildi. Shuningdek, bola uch yoshga to‘lguniga qadar ta’minot undirish haqidagi 2 ta, voyaga yetmagan bola ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi 8 ta aliment pullari undirilishi belgilandi.

Kommunal xizmatlar to‘lovi, fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi va kredit qarzdorligi yuzasidan chiqarilgan sud buyruqlariga nisbatan 4 nafar shaxsning e’tiroz arizalari ko‘rib chiqilib, arizalar qanoatlantirildi va sud buyruqlari bekor qilindi.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 7 ta iqtisodiy ish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining da’vo talablari qanoatlantirilib, tadbirkorlar foydasiga 929,9 mln. so‘m haqdorliklar undirib berildi. 5 ta iqtisodiy ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilganligi bois ko‘rmasdan qoldirildi. Natijada 18,4 mln. so‘mlik davlat bojlari tadbirkorlik sub’ektlarining hisobida qoldi. 1 ta tadbirkorlik sub’ektining huquqi himoya qilinib, davlat organi tomonidan qo‘llanilgan jarima rad qilinganligi bois tadbikorlik sub’ekti 17 mln. so‘mlik jarima qo‘llashdan ozod etildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining 5 ta da’vo arizalari ish yurituvga qabul qilinib, sud majlisida ko‘rib chiqilishi tayinlandi.

Ma’muriy sudlar tomonidan 6 ta ommaviy nizolar bo‘yicha fuqarolarning arizalari qanoatlantirilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, 2 nafar tadbirkorlik sub’ektining soliq nizolariga oid arizalari qanoatlantirilib, buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.