SEMINAR-TRENING

Mamlakatimizda gender tengligi masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu masala milliy qonunchiligimizda ham o‘zining teran ifodasini topgan. Shu boisdan gender tengligini ta’minlash, gender zo‘ravonligining oldini olish eng dolzarb vazifalardan biridir.


Toshkent viloyatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultantlari uchun “Gender zo‘ravonlik bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak?” mavzusida o‘tkazilgan ikki kunlik o‘quv seminar-trening ham aynan shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.

Oliy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” (EWMI) nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda ishtirokchilarga gender konsepsiyasi va gender tenglik mohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Treningda ommaviy axborot vositalari  va ijtimoiy tarmoqlarda gender zo‘ravonligiga oid masalalarni yoritish amaliyoti tahlil qilinib, bu boradagi gender stereotiplar va noto‘g‘ri tushunchalarni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi.

Malakali trenerlar tomonidan viloyat sudlarining matbuot kotiblari xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda gender sezgirlik normalari va andozalari bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashish omillarini interaktiv taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar vositasida muhokama qildilar.