SEMINAR-TRENING

Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bir qator qulayliklarni yaratishi bilan birga, ayrim xavf-xatarlarga, xususan turli kiberjinoyatlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 23-24 aprel kunlari Namangan viloyatida  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan “Kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish” mavzusida trening o‘tkazildi.

Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, tuman-shahar sudlari sudyalari ishtirok etgan treningda kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish, bu boradagi xorijiy tajribalarni amaliyotda qo‘llash, shuningdek transmilliy surishtiruvlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha sudyalarning malakasi oshirildi.

Treningda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida  kiberjinoyatchilik ahvoli”, “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning milliy-huquqiy asoslari”, “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar yuzasidan to‘plangan raqamli dalillarga to‘g‘ri baho berish va maqbulligini ta’minlash” mavzularida ma’ruzalar qilinib, ishtirokchilar raqamli kriminalistikaning zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.


Davlatmirza Kamilov,

Namangan viloyati sudining sudyasi