SUD HUJJАTLАRIGА BАHO BERISHNING YANGI TIZIMI
Maʼlumki, odil sudlov sifati sud hujjatlarining qonuniy, asosli va adolatliligi bilan chambarchas bogʼliq. Аgar sud tomonidan ish yakunida qabul qilingan hujjatga nisbatan norozilik tugʼilsa va bu boʼyicha shikoyat qilinsa, unga yuqori turuvchi sud instantsiyasida qonuniy baho beriladi. Bu bir tarafdan, inson huquq va erkinliklarining sud tomonidan himoyalanishini anglatsa, ikkinchi tomondan, protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi bosqich sudlari tomonidan quyi sudlarda qabul qilingan sud hujjatlarining qayta koʼrib chiqilishini anglatadi.
Shu maʼnoda sud hujjatlarini qayta koʼrib chiqish institutini yanada takomillashtirish nafaqat protsessual qonunchilik, balki fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
Ishlarni koʼrishda oʼrta boʼgʼin sudlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, fuqarolarning olis hududlardan sudga kelib ovora boʼlishining oldini olish maqsadida shu yil 1-yanvardan boshlab, sudlar, shu jumladan, maʼmuriy sudlarda sud hujjati ustidan shikoyat qilishning yangi tartibi — ishlarni taftish tartibida koʼrib chiqish instituti joriy etildi.
Endilikda taftish tartibidagi shikoyatlar Qoraqalpogʼiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Harbiy sud tomonidan, ularning taftish tartibida qabul qilgan sud hujjatlaridan norozi boʼlib keltirilgan shikoyatlar esa, Oliy sudning Maʼmuriy ishlar boʼyicha sudlov hayʼati tomonidan koʼrib chiqiladi.
Shuningdek, Oliy sudning Maʼmuriy ishlar boʼyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʼrilgan ishlar boʼyicha sud hujjatlari ustidan manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan Oliy sud raisi yohud Bosh prokuror tomonidan taftish tartibida protest keltirilishi mumkin va taftish tartibidagi ushbu protest Oliy sudning Rayosatida koʼpchilik tarkibda koʼrib chiqiladi.
Qonunchilikda sud ishni taftish tartibida koʼrish chogʼida quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgan va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari boʼyicha tekshirishi belgilangan.
Qonunchilikka kiritilgan oʼzgartirishlardan yana biri ishni apellyatsiya va kassatsiya tartibida birinchi instantsiya sudida ish yuritish qoidalari boʼyicha koʼrishi, yuqori instantsiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan koʼrish uchun birinchi instantsiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishidir. Bunday tartib fuqaro va yuridik shaxslarning sudlarga boʼlgan ishonchini yanada oshishiga xizmat qiladi. Chunki bunga qadar birinchi instantsiya sudlari tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilingani hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʼrish uchun yuborishga asos boʼlar edi. Qonunchilikka kiritilgan yangi oʼzgartirishga koʼra, endilikda birinchi instantsiya sudlari tomonidan mazkur protsessual xatolikka yoʼl qoʼyilgani aniqlanganda, yuqori turuvchi sudlar ishlarni yangidan koʼrish uchun birinchi instantsiya sudiga yubormay, ishni birinchi instantsiya sudida ish yuritish qoidalari boʼyicha apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ishga jalb qilinmagan shaxslarning ishtirokini taʼminlagan holda koʼrib chiqib, tegishli qaror qabul qilishi mumkin.
Shu oʼrinda quyidagi taklifni bildirmoqchiman. Yaʼni qonunchilikda belgilangan taftish tartibida ishni koʼrish doirasini yanada kengaytirib, taftish instantsiyasida ishlarni koʼrishda quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgani va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari va yangi aniqlangan dalillar boʼyicha tekshirishning aniq tartibi belgilansa, maqsadga muvofiq boʼlardi. Chunki Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeksning 266-6-moddasida sud ishni taftish tartibida koʼrish chogʼida quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgani va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari boʼyicha tekshirishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu kodeksning yangi tahrirda bayon qilingan 244-moddasi 4-qismi 2-bandida ishning sud majlisi joyi va vaqti toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir ishda ishtirok etuvchi shaxs yoʼqligida koʼrilgani, 3-bandida sud tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilingani birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorining har qanday holda bekor qilinishi uchun asos boʼlishi koʼrsatilgan.
Shu bois qonunchilikka birinchi instantsiya sudlarida ishni koʼrishda uchinchi shaxslarni jalb qilishni majburiy shart sifatida belgilash maqsadga muvofiq boʼlar edi.
Taklif etilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalar kelgusida fuqarolarning Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan sud orqali himoyalanish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlarini yanada kengaytirish, ularning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya etish, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ishlarning sifatli va oʼz vaqtida koʼrilishini taʼminlash, sud qarorlarini qayta koʼrishda oʼrta boʼgʼin — viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi shubhasiz.
Umida NIShONOVА,
Namangan viloyati
maʼmuriy sudi sudyasi