SUD TIZIMIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

Namangan viloyati sudi raisi tomonidan har bir tuman, shahar, tumanlararo sudlarida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida uchrashuv-muloqotlar oʼtkazilyapti.

Namangan viloyati sudining iqtisodiy ishlar boʼyicha sudlov hayʼati hamda Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalari va xodimlari bilan boʼlib oʼtgan ana shunday muloqotlarda viloyat sudi raisi sud tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʼlish muhitini yaratish, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish boʼyicha muhim koʼrsatma va topshiriqlarni berdi. Sud idorasida faoliyat olib boradigan inson borki, asosiy vazifasi odil sudlovni taʼminlash, jamiyatda adolatni qaror toptirish boʼlishi kerakligini taʼkidladi.

Bu kabi fikrlar fuqarolik ishlari boʼyicha Namangan tumanlararo sudida oʼtkazilgan yigʼilishda ham aytib oʼtildi. Har bir sudya va xodim bilan birma-bir suhbatlashilib, adolatni qaror toptiruvchi shaxs bunday illatdan butkul xoli boʼlishi kerakligi tushuntirildi.