SUD XODIMLARI SPORT MUSOBAQALARIDA BELLASHDILAR
Namangan viloyati sudi tomonidan Navroʼz umumxalq bayramiga bagʼishlangan sport musobaqalari oʼtkazildi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” majmuasida sportning shaxmat-shashka, stol tennisi turlari boʼyicha tashkil etilgan turnirda Namangan viloyati sudlari hamda viloyat maʼmuriy sudining sudya va xodimlari ishtirok etdilar.
Sud xodimlari oʼrtasida sogʼlom turmush-tarzini targʼib qilish maqsadida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Musobaqalarda jami 80 nafar sudya va xodimlar qatnashdilar. Shundan 16 nafari xotin-qizlar boʼlib, ishtirokchilar aqliy salohiyatlarini shaxmat-shashka bellashuvlarida sinovdan oʼtkazgan boʼlsalar, stol tennisi bahslarida epchillik va chaqqonliklarini namoyon etdilar.
Bellashuvlar qiziqarli va murosasiz vaziyatlarga boy boʼldi. Dastlab har bir sport turi boʼyicha kuchlilar saralab olinib, keyingi bosqichda oʼzaro bellashdilar. Musobaqalarning yarim final, final bahslarida esa barcha raqiblarini magʼlub etgan sportchilar kuch sinashib, gʼoliblik shohsupasiga koʼtarildilar.
Xususan, ayollar oʼrtasida boʼlib oʼtgan stol tennisi musobaqalarida Namangan viloyati maʼmuriy sudining ish yurituvchisi Madina Normirzaeva birinchi oʼrinni qoʼlga kiritdi. Ikkinchi oʼrinni fuqarolik ishlari boʼyicha Namangan tumanlararo sudining sudyasi Mayramxon Sidiqova egallagan boʼlsa, uchinchi oʼrin ham mazkur sud sudyasi Sanobar Toʼraboevaga nasib etdi. Xotin-qizlar oʼrtasidagi shashka bellashuvlarida Namangan viloyati sudining sudya katta yordamchisi Mahfuza Mamadalievaga teng keladigan raqib topilmadi. Ikkinchi oʼrin Namangan viloyati sudining ish yurituvchisi Lola Xojashbaevaga nasib qildi. Uchinchi oʼrinni esa fuqarolik ishlari boʼyicha Yangiqoʼrgʼon tumanlararo sudining raisi Sohibaxon Yulchieva egalladi.
Erkaklar oʼrtasida oʼtkazilgan stol tennisi bahslari chin maʼnoda hayajonli lahzalarga boy boʼldi. Keskin bellashuvlar ostida kechgan musobaqada birinchi oʼrin Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining xodimi Shohruh Shamsiddinovga, ikkinchi oʼrin jinoyat ishlari boʼyicha Namangan tumanlararo sudi raisi Аkmal Kenjaboevga, uchinchi oʼrin sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti Namangan viloyat hududiy boʼlimi xodimi Аkmalxon Qosimxonovga nasib etdi.
Аql charxi hisoblangan shaxmat belashuvlarida birinchi oʼrinni Namangan viloyati sudining bosh konsultanti Аbdujalilxoʼja Ikramov qoʼlga kiritdi. Ikkinchi oʼrinni Namangan viloyati sudining sudyasi Аvazbek Inamov egallagan boʼlsa, uchinchi oʼrinni jinoyat ishlari boʼyicha Namangan shahar sudining sudyasi Аlijon Qahramonov qoʼlga kiritdi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida viloyat sudining raisi va oʼrinbosarlari gʼoliblarga diplom, medallar va esdalik sovgʼalarini topshirdilar. Sport musobaqalarini oʼtkazishda yaqindan yordam bergan “Barkamol avlod” sport majmuasi rahbarlari hamda musobaqa hakamlariga minnatdorchilik bildirilib, Namangan viloyati sudining qimmatbaho sovgʼalari taqdim etildi.