SUDYALAR VA ADVOKATLAR UCHRASHUVI

Sud amaliyotidan ma’lumki, ishni xolisona ko‘rishda, adolatni qaror toptirishda advokatlarning o‘rni muhim. Shunday ekan, himoyachilar bilan vakolat doirasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sud jarayonida ba’zan uchraydigan tushunarsiz holatlarning oldini oladi. 

Ayni jihatdan, Namangan viloyati sudi hamda Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi tashabbusi bilan sudyalar va advokatlar uchrashuvi o‘tkazildi. 

Unda Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov, Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i O‘ktamjon Jamolov, sudyalar hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlar ishtirok etdilar.

Muloqotda sud tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaviy tartib-taomillar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni aholiga to‘g‘ri yetkazishda advokatlarning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi. Ana shulardan kelib chiqib, sud jarayonlarida uchrab turuvchi ayrim muammoli holatlarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bu borada advokatlar duch kelayotgan va o‘z navbatida odil sudlovni ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar ham ro‘y-rost o‘rtaga tashlandi.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov sud amaliyotida advokatlar bilan yuzaga kelayotgan ana shunday muammolarga atroflicha to‘xtalib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, ayrim sud binolarida advokatlar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani, sud majlislarining belgilangan vaqtda boshlanmasligi og‘riqli nuqta ekanini ta’kidlab, ularning sabablarini tushuntirib o‘tdi va bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olinganini ta’kidladi.

Shuningdek, advokatlar sud protsessida har bir xatti-harakatini kasb etikasi doirasida amalga oshirishlari kerakligi ta’kidlandi.

Ochiq, samimiy, savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan muloqot yakunida mana shunday uchrashuvlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.