SUN’IY INTELLEKT IMKONIYATLARI: ENDI SUDLAR HAM UNDAN FOYDALANADI
Bugungi kunda sun’iy intellekt kundalik hayotimizga tobora kengroq kirib kelmoqda. Chunki u beqiyos imkoniyatlarga ega.
Prezidentimizning 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham fikrimiz dalilidir.
Mazkur hujjat asosida sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning ustuvor maqsadlari belgilandi.
Xo‘sh, bu nimalardan iborat bo‘ladi?
Avvalo, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reestri yuritiladi.
Shuningdek, Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi moduli ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi. Buning uchun esa sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasi doimiy oshirib boriladi. Qolaversa, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallari tashkil etiladi hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratiladi. Shu bilan birga, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi.
Ta’kidlash lozimki, “Raqamli sud” konsepsiyasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Bunda sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi. Murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi. Eng muhimi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi.
Bundan tashqari, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. Sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi. Sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi. Sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi. Shuningdek, sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
Farmonning yana bir e’tiborli jihati 2025 — 2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlanganidir. Dastur doirasida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushiriladi. Yil yakuniga qadar esa sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish moduli joriy etilib, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratiladi. Huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlari avtomatik yetkaziladi.
Yana bir gap. 2026-yil 1-martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi. Qolaversa, 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish ham shular jumlasidandir.
Xulosa o‘rinida aytish mumukinki, tilga olingan farmonning qabul qilinishi “Yangi O‘zbekiston – yangi islohotlar” tamoyilining amaldagi ifodasidir. Zero, tizimdagi islothotlarning bosh maqsadi insonparvarlik ekanligi hech kimga sir emas.
Nodirjon KIMSANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Kosonsoy tuman sudining
tergov sudyasi