TERGOVCHILAR UCHUN SEMINAR

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov tomonidan Namangan tumanida mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Sudyalar, tergov tizimi xodimlari, aholi vakillari ishtirok etgan seminarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Prezident Farmoni bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi, shu maqsadda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilgani haqida ma’lumot berildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilib, ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinmoqda. Shuningdek, tergov sudyasiga 11 turdagi sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati ham berilmoqda.

Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan seminar davomida yangi tashkil etilayotgan tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob olindi.