UCH AVLOD UCHRASHUVI

Namangan viloyati sudida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlarning xotirasi abadiy, qadri muqaddas. Ular garchi oramizda bo‘lmasalar ham bosib o‘tgan umr yo‘llari, qoldirgan ezgu amallari ko‘plar uchun ibrat maktabidir. Shu ma’noda mazkur tadbir turli yillarda viloyat sud idoralarida faoliyat olib borgan marhum sudyalar xotirasiga bag‘ishlandi. Uchrashuvga ularning oila-a’zolari, shogirdlari, hamkasblari taklif etildilar.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov o‘tganlarni yod etib, ularning ezgu fazilatlari, sudyalik kasbiga bo‘lgan sadoqatlarini xotirladi. O‘tganlar xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyishi esa barcha tadbir ishtirokchilarining qalb tublarida yotgan his-tuyg‘ularini junbushga keltirib, dillaridagi xayajonlarini tillariga ko‘chirdi. So‘zga chiqqanlar ota-onalari, aka-ukalari, o‘g‘il-qizlari bilan bog‘liq shirin xotiralarni esladilar. Yaqinlariga ko‘rsatilgan bunday ehtiromdan minnatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbirda so‘z olgan faxriylar keyingi yillarda mamlakatimizda sud idoralari hamda sudyalarga qaratilayotgan e’tibor xususida gapirib, mazkur jarayonlarda ayniqsa, tizimda ko‘p yillar mehnat qilgan faxriylarni qo‘llab-quvvatlash borasida ijobiy ishlar olib borilayotganini ta’kidladilar. Bugungi “Uch avlod uchrashuvi”, xotira tadbiri ham buning yorqin ifodasi ekanligini aytib o‘tdilar.

Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilarining har biriga Namangan viloyati sudi tomonidan nashr etilgan viloyat sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom sovg‘a qilindi.

Tantanali tadbirda shuningdek, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan, ayni kunlarda qutlug‘ 60 yoshni qarshi olgan Nurillo Abbosovga viloyat sudi raisining tabrigi o‘qib eshittirilib, muborakbod etildi.

Uch avlod vakillarini birlashtirgan uchrashuvning yana bir ahamiyatli jihati tadbirda bu yil Namangan viloyatidan Sudyalar oliy maktabiga o‘qishga qabul qilingan 12 nafar yoshlarga oq yo‘l tilandi. Ular sud darg‘alari, marhum sudyalarning oila-a’zolari, hamkasblari davrasida ezgu niyatlar bilan sudyalik sari ilk qadamlarini tashladilar.

 

NAMANGAN VILOYATI SUDI AXBOROT XIZMATI