VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan davlatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida barcha viloyatlarga ulangan tadbirda Oliy sud raisi B. Islomov, Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov va Sudyalar assotsiatsiyasi raisi U. Mingboyev barchani eng ulug‘, eng aziz bayram bilan muborakbod etib, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu g‘oya asosida sud-huquq tizimida ham amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldilar.

Bu borada albatta, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 21-avgust kuni imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlar sud-huquq islohotlarining izchil davomi sifatida sudlar uchun tarixiy hujjat bo‘lganligi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.

Bayram tabirida bir guruh sud faxriylari, sudyalar va tizim xodimlariga Oliy sud raisining Farmoyishi bilan ta’sis etilgan “Benuqson xizmati uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Namangan viloyatidan bunday e’tirofga viloyat sudining malaka hay’ati kotibi Mansurjon Darmonov loyiq ko‘rilib, unga Oliy sudning esdalik qo‘l soati topshirildi. 

Shundan so‘ng, Namangan viloyati sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan bir guruh sudyalar va sud tizimi xodimlarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra odil sudlov faoliyatini amalga oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi samarali faoliyati uchun bir qator sudyalar, tizim xodimlari viloyat sudi raisining faxriy yorlig‘i va tashakkurnomasi, shuningdek, esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandilar. Mukofotlarni Namangan viloyati sudi raisi o‘z egalariga topshirib, ularni bayram bilan qutladi.

Tadbirda shuningdek, navbatdagi mansab darajalari berilgan sud xodimlari e’lon qilinib, muborakbod etildi.