XOTIN-QIZLAR HUQUQI DAVLAT HIMOYASIDA

Namangan viloyati sudi, oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda boshqa daxldor idoralar hamkorligida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

“Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Namangan viloyati sudi raisining o‘rinbosari Abdunosir Igamberdiev, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yakubova, prokuratura, ichki ishlar, adliya idoralari, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mas’ullari va sudyalar ishtirok etdilar.

Seminarda dastlab xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Bu borada so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Dinara Yakubova mahallalarda ayni turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Hamkorlikda amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi. Sudyalar, prokuratura, ichki ishlar idoralari mas’ullari ayni yo‘nalishdagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar tahlili haqida gapirib, bu turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish orqali illatga qarshi jazo muqarrarligi ta’minlanayotganini ta’kidladilar.

Seminarning ikkinchi qismida shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan bo‘limiga yotqizish yoki uning ushbu muassasalarda yotish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq fuqarolik ishlarini ko‘rish, bu borada daxldor idoralar bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Dastlab mavzu yuzasidan so‘z olgan sudyalar ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik normalari va talablari haqida gapirib, amaliyotdagi tartiblarni tushuntirib o‘tdilar. Shundan so‘ng, mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish amaliyotiga to‘xtalinib, bu bo‘yicha daxldor idoralarning takliflari, fikr-mulohazalari eshitildi. Seminarda so‘z olgan prokuratura, ichki ishlar idoralari mas’ullari, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari so‘nggi vaqtlarda ruhiy nosog‘lom shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar haqida gapirib, bu jamiyatga xavf tug‘dirib borayotganini ta’kidladilar. Shu bois ham bugungi ko‘tarilayotgan mavzu va ayni turdagi ishlarni ko‘rishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi aytildi. 

Yakunda har bir mavzu yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar, vazifalar belgilab olinib, hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishib olindi.