XOTIN-QIZLAR HUQUQI DAVLAT VA SUD HIMOYASIDA
Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Kengash huzuridagi O‘zbekiston Sudyalar klubining Ayol sudyalar jamoasi tomonidan Namangan viloyatida davra suhbati o‘tkazildi.

“Xotin-qizlar huquqi davlat va sud himoyasida” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat sudlarida faoliyat olib borayotgan ayol sudyalar va xodimalar, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, prokuratura, ichki ishlar, advokatura idoralari mutasaddilari, faol va tashabbuskor ayollar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Muloqotlarda yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, sudlarda ayollar huquqlarining ta’minlanishi borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, odil sudlovni amalga oshirishda ayol sudyalarning roli, tizimda gender tenglikni ta’minlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda hamkorlikdagi muhim vazifalar tahlil etildi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan “Fuqarolik sudlarida xotin-qizlar huquqlarini tiklash”, “Prezident qarori bilan joriy etilgan oila sudyalarining faoliyati” mavzularida ma’ruzalar qilinib, muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda jamiyatning har bir jabhasida, har bir sohada xotin-qizlar faolligini ko‘rish mumkin. Jumladan, odil sudlovni amalga oshirishda ham ayol sudyalar munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Ayni paytda Namangan viloyati sudlarida ham 15 nafar ayol sudya hamda 20 nafardan ortiq xotin-qizlardan iborat boshqaruv xodimalari faoliyat olib borishyapti.

Ochiq, samimiy ruhda kechgan muloqotlarda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy hayotda ularning faolligini yanada oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston Sudyalar klubining Ayol sudyalar jamoasi odil sudlovni amalga oshirish borasidagi muhim vazifalar yuzasidan viloyat sudlarida faoliyat olib borayotgan ayol sudyalar bilan suhbatlashib oldilar.