AMALIY SEMINAR

Namangan viloyati ma’muriy sudida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan ma’muriy sudlar faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan joriy etilayotgan yangi institutlar, ularni amaliyotda qo‘llashga doir amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va Sudyalar oliy maktabi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda videokonferensaloqa tarzida barcha hududlardan ma’muriy sud sudyalari, adliya, prokuratura,  ichki ishlar, soliq va bojxona organlari vakillari, mahalliy hokimiyat, davlat idoralari mutasaddilari ishtirok etdilar.

Amaliy seminarda Prezident qarorining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur hujjatga ko‘ra ma’muriy sud ishlarini yuritish tartibiga kiritilayotgan yangi institutlar, ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir ishtirokchilarning qonunchilik yuzasidan bildirgan taklif va mulohazalari, mavzuga doir muhim savollari bilan yanada qizg‘in o‘tdi. 

OCHIQ ESHIKLAR KUNI

Namangan viloyati sudida sud xodimlarining ota-onalari bilan uchrashuv-muloqot hamda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Uchrashuvda dastlab viloyat sudi raisining o‘rinbosari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar haqida so‘z yuritilib, keyingi yillarda sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, korrupsion omillarni bartaraf etish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilingani, ayniqsa, tizim xodimlarining moddiy ta’minotini jiddiy yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlab o‘tildi. Bugun har bir sudya va sud xodimi ana shu e’tibordan kelib chiqib o‘z ishiga vijdonan yondoshishi kerakligi, buning uchun esa eng avvalo korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, fidoyilik va vatanparvarlikda hammaga namuna bo‘lishi lozimligi aytildi.

Bu borada oila a’zolarining o‘rni katta ekanligi, har bir ota-ona farzandining yurish-turishi, ish faoliyatini nazorat qilib borishi, uning muammolari bilan qiziqishi, kimlar bilan yaqin munosabatda bo‘layotganidan xabardor bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Muloqotda ota-onalar so‘zga chiqib, kasbga sadoqat, halol-poklik to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar sud zallari, sudya va xodimlarning xizmat xonalarida bo‘lib, farzandlari qanday sharoitlarda faoliyat olib borayotganligi bilan yaqindan tanishdilar.      

YARIM YILLIK FAOLIYAT YAKUNLARI

Namangan viloyati sudida yarim yillik faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman-shahar sudlari sudyalari ishtirok etdilar.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov raislik qilgan yig‘ilishda viloyat sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman-shahar sudlarining 2025 yilning birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, viloyat sudi raisi hamda o‘rinbosarlar tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy ishlar tahlili, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar holati, ijro va mehnat intizomi hamda huquqiy targ‘ibot ishlari keng muhokama qilinib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.

MATBUOT ANJUMANI BAYRAM TADBIRIGA ULANDI

Namangan viloyati sudida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etgan anjumanda dastlab Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, 2025-yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari haqida ma’lumotlar berildi. 

Tadbirda jurnalistlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, odil sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savol, taklif, fikr-mulohazalariga sud raislari va sudyalar batafsil javoblar berishdi.

Shundan so‘ng, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Namangan viloyati sudlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, sud-huquq sohasini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishga o‘z hissasini qo‘shgan jurnalistlarga, shuningdek, targ‘ibot ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan sudyalarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

SUDLARDA PROKUROR VAKOLATINI TA’MINLASH

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudyalari, prokuratura xodimlari ishtirok etgan seminarda 2024-yilning 30-sentabrida qabul qilingan  “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Mazkur qonun bilan protsessual kodekslarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, ma’ruzachilar fuqarolik sudlarida prokuror ishtirokining yangi bosqichi va qonunlarni amaliyotga qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirish berdilar. Mazkur yo‘nalishdagi ayrim muammolar muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, seminarda Oliy sud Plenumining 2025-yil 29-apreldagi Qarorlari mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham batafsil tushuntirishlar berildi.


Rahmonjon Yaxyoxo’jayev,

Namangan viloyati sudining sudyasi

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar sudining sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdilar.   

Dastlab viloyat sudi raisi Alisher Usmanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tasdiqlangan “Sud organlarida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, shuningdek sudlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish buyicha 2025-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Mazkur hujjatda odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish, buning uchun sudyalar va tizim xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib Namangan viloyati sudlari tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi va bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ijro intizomi tanqidiy tahlil qilinib, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.


Dilmurod Madaminov,

Namangan viloyati sudi sudyasi

E’ZOZ VA E’TIBOR UCHRASHUVI

Bugun mamlakatimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi. Bunda esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilish” maqsadi mujassam. Sudyalar oliy kengashi tomonidan ham yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbir ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi Abdurasul Eranovning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi sudyalari, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari va yoshlar ishtirok etdilar. 

Dastlab mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, bu yerda sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdilar. Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi.

Tadbirning asosiy qismida so‘zga chiqqan sud, prokuratura faxriylari, sudyalar Abdurasul Eranovning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladilar.

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Shu kuni Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga A.Eranovning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu sudyalar hamjamiyatining mazkur umumta’lim maktabiga hurmat va ehtirom ramzi  bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonch ham hisoblanadi.

Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi hamda A.Eranov tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu kuni mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini ham qo‘shdilar.


Doniyor Tojiboyev,

Namangan viloyati sudi sudyasi

SEMINAR-TRENING

Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bir qator qulayliklarni yaratishi bilan birga, ayrim xavf-xatarlarga, xususan turli kiberjinoyatlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 23-24 aprel kunlari Namangan viloyatida  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan “Kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish” mavzusida trening o‘tkazildi.

Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, tuman-shahar sudlari sudyalari ishtirok etgan treningda kiberjinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan bog‘liq ishlarni samarali ko‘rib chiqish, bu boradagi xorijiy tajribalarni amaliyotda qo‘llash, shuningdek transmilliy surishtiruvlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha sudyalarning malakasi oshirildi.

Treningda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida  kiberjinoyatchilik ahvoli”, “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning milliy-huquqiy asoslari”, “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar yuzasidan to‘plangan raqamli dalillarga to‘g‘ri baho berish va maqbulligini ta’minlash” mavzularida ma’ruzalar qilinib, ishtirokchilar raqamli kriminalistikaning zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.


Davlatmirza Kamilov,

Namangan viloyati sudining sudyasi

Skip to content