KITOB – MA’NAVIYAT KO’ZGUSI

Namangan viloyati sudida “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi. Sud tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan mazkur tanlov sudya va sud xodimlarining ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Mazkur tanlovda Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudidan 30 nafar sudya va sud xodimlari ishtirok etdilar.

Tanlovda ishtirokchilarning kitobxonlik madaniyati ikki shart bo‘yicha baholandi. Birinchi shartda sudya va sud xodimlari o‘zbek va jahon adabiyoti yozuvchilari asarlarining mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berdilar. Ikkinchi shartda kitobxonlar kommissiya a’zolari tomonidan tuzib chiqilgan savollarga tezkor tarzda javob berish bilan o‘z qobiliyatlarini namoyish etdilar. 

Hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchining badiiy asar haqidagi nutqi, savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob berishi adolatli tarzda baholab borildi.

Tanlov g‘oliblari mustaqilligimizning 33 yillik bayram shodiyonalari arafasida e’lon qilinib, viloyat sudining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

YARIM YILLIK FAOLIYAT TAHLIL QILINDI

Namangan viloyati sudida 2024-yilning birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyat yakunlari hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan Rayosat majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudyalari ishtirok etdilar.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov raislik qilgan yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Mazkur hujjat sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishida muhim ekanligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, Namangan viloyati sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining 2024-yil birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, viloyat sudi raisi hamda o‘rinbosarlar tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy ishlar tahlili, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar holati, ijro va mehnat intizomi hamda huquqiy targ‘ibot ishlari keng muhokama qilinib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.  

Yig‘ilishda shuningdek, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish va mazkur illatga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish borasida ham so‘z yuritilib, bugun har bir sudya va sud xodimi yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga javoban o‘z ishiga vijdonan yondoshishi kerakligi, buning uchun esa eng avvalo korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, fidoyilik va vatanparvarlikda hammaga namuna bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Namangan viloyati sudi axborot xizmati

SAYYOR QABULLAR DAVOM ETMOQDA

Namangan shahridagi «Ravnaq» mahallasida navbatdagi ommaviy sayyor qabullar boʼlib oʼtdi.

Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida oʼtkazilgan qabullarda viloyat sudi raisi Аlisher Usmanov fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlarga doir 25 ta murojaatlarini oʼrgandi. Viloyat maʼmuriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova maʼmuriy sudlar bilan bogʼliq 3 ta murojaatni tingladi. Mazkur murojaatlarning 7 tasi shu yerning oʼzida ijobiy hal etilgan boʼlsa, qolganlariga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sayyor qabul doirasida boʼlib oʼtgan jinoyat ishlari boʼyicha Namangan shahar sudining sayyor sud majlisida Probatsiya guruhi hisobidagi 3 nafar shaxs muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.

Skip to content