YARIM YILLIK FAOLIYAT TAHLIL QILINDI
Namangan viloyati sudida 2024-yilning birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyat yakunlari hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan Rayosat majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudyalari ishtirok etdilar.
Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov raislik qilgan yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Mazkur hujjat sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishida muhim ekanligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, Namangan viloyati sudining jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay’ati, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining 2024-yil birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, viloyat sudi raisi hamda o‘rinbosarlar tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy ishlar tahlili, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar holati, ijro va mehnat intizomi hamda huquqiy targ‘ibot ishlari keng muhokama qilinib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda shuningdek, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish va mazkur illatga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish borasida ham so‘z yuritilib, bugun har bir sudya va sud xodimi yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga javoban o‘z ishiga vijdonan yondoshishi kerakligi, buning uchun esa eng avvalo korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, fidoyilik va vatanparvarlikda hammaga namuna bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Namangan viloyati sudi axborot xizmati