HAMKORLIKDAGI AMALIYOT

Namangan viloyati sudida Majburiy ijro byurosi hamda Ichki ishlar idoralari mas’ullari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Dastlab seminarda sud hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurolariga yuborilgan ijro hujjatlari, ularning ijrosi, shuningdek, ijro hujjatlarining qaytarilish holatlari yuzasidan batafsil tahlillar o‘tkazildi. Shu bilan birga, Majburiy ijro byurolariga kelib tushgan ijro hujjatlarining ijrosi va hozirgi holati muhokama qilinib, ushbu jarayonni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Shuningdek seminarda “Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv” va “Oilaviy zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzularida sud amaliyoti va qonunchilikni qo‘llashdagi masalalar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Bu bo‘yicha so‘z olgan sudyalar va ichki ishlar idoralari hodimlari amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza almashdilar.

Seminar yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan sud, Majburiy ijro byurosi hamda Ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ijro intizomini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

A.MIRZAYEV,

Namangan viloyati sudi raisi o’rinbosari