ADOLAT KUYCHISIGA SUDYALARNING EHTIROMI

Davlatimiz rahbari sudyalar bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmasligi, shuning uchun ham sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda ma’naviyat masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlagan edilar. Prezidentimizning mazkur fikrlaridan kelib chiqib Namangan viloyati sudida muntazam ravishda ma’naviyat va ma’rifat tadbirlari o‘tkazish an’anaga aylangan.

Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 112 yilligi oldidan Namangan viloyati sudi tomonidan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham sudyalar va sud tizimi xodimlarining ma’naviyatini yanada yuksaltirishga, ularni kitobga, adabiyotga, teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.


Dastlab sud xodimlari Namangan shahridagi Usmon Nosir muzeyida bo‘lib, u yerdagi eksponatlar, shoir hayoti va ijodiga oid qo‘lyozmalar, kitoblar bilan tanishdilar. Ayniqsa, muzeyda buyuk ajdodimizning tarixiy qo‘lyozmalari, risolalari, suratlari mavjudligi barchada katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng, Namangan shahridagi Usmon Nosir nomli xiyobonda shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi. Nuroniylar, sud faxriylari, shoirning avlodlari, sudyalar va tizim xodimlari ishtirok etgan ma’naviyat tadbirida dastlab shoir xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning haykali poyiga gullar qo‘yildi. So‘ng, otashin shoirning hayoti va ijodiga to‘xtalib, uning bolalik, o‘smirlik yillari, boshidan kechirgan og‘ir kunlari yodga olindi. Sudya va tizim xodimlari tomonidan Usmon Nosir she’rlaridan namunalar o‘qib eshttirilgani tadbirni chinakam she’riyat kechasiga aylantirib yubordi.

Teatr – ma’naviy tarbiya va madaniyat maskanidir, unda hayot gavdalanadi. Shu kuni sudya va xodimlar, ularning oila-a’zolari viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib, Iqbol Mirzo asari asosida sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” spektaklini tomosha qildilar.


Spektakl o‘tkir syujeti, aktyorlarning mahoratli rol ijrosi bilan har bir tomoshabinni hayajonga soldi. Buni spektakl yakunida yangragan olqishlardan ham yaqqol bilish mumkin. Shu kuni teatrga tashrif buyurgan sud tizimi xodimlari va ularning oila-a’zolari boy ma’naviy ozuqa oldilar.

Ma’naviyat va ma’rifat tadbirlaridan olingan taassurotlar nuroniylar va sud faxriylari davrasida bir piyola choy ustida davom ettirildi.