FAXRIYLARGA EHTIROM
Yurtimizda qay bir sohada bo‘lmasin faxriylarni e’zozlash, ularga ehtirom ko‘rsatish ezgu qadriyatga aylangan. 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida mazkur an’ana yanada keng quloch yozadi. Sana munosabati bilan Namangan viloyati sudi tomonidan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham uzoq yillar el-u yurtga xizmat qilgan nuroniylar va sud faxriylarini birlashtirdi.
Chortoq tumanidagi so‘lim maskanda bo‘lib o‘tgan tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat kengashi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, mehnat faxriysi Botirali Hakimov, sud faxriylari va sudyalar ishtirok etdilar. Mehmonlar dastlab “Koroskon tarixiy muzeyi”ni aylanib, bu yerdagi tarixiy eksponatlar, o‘tmishdan so‘zlovchi osori-atiqalar, ko‘hna kitoblar bilan tanishdilar. Tadbirning asosiy qismini Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov ochib, barcha faxriylarni 9 may – Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etdi. Shu yerda bayramga munosib tuhfa sifatida Namangan viloyatida sudlar tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom taqdimoti ham o‘tkazildi. Viloyat sudi raisi mazkur kitob haqida gapirib, unda keltirilgan tarixiy manbalar va shaxslarning sud tizimidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Tadbirda so‘z olgan faxriylar keyingi yillarda mamlakatimizda sud idoralari hamda sudyalarga qaratilayotgan e’tibor xususida gapirib, mazkur jarayonlarda ayniqsa, tizimda ko‘p yillar mehnat qilgan faxriylarni qo‘llab-quvvatlash borasida ijobiy ishlar olib borilayotganini ta’kidladilar. Ushbu fikrlar tasdig‘ini odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilgan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etilganida ham ko‘rish mumkin. Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida ana shunday soha fidoyilari Mahmudjon Qurbonov hamda Fayzulla Jalilov “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimi Chortoq tumanida o‘tkazilishining ham o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Zero, bundan 43 yil muqaddam Mahmudjon Qurbonov aynan shu tuman sudida faoliyat olib borib, odil sudlovni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu bois ham sud faxriysiga ko‘krak nishonini o‘sha vaqtda tuman rahbari bo‘lgan Botirali Hakimov topshirdi.
Tantanali tadbirda shuningdek, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan, ayni kunlarda qutlug‘ 50 yoshni qarshi olgan jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudining arxiv mudiri Diloromxon Rahimovaga Oliy sud raisining faxriy yorlig‘i hamda viloyat sudi raisining tabriknomalari topshirildi.
Yakunda sud faxriylariga e’zoz va ehtirom ko‘rsatilib, ularning har biriga sudlar tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Samimiy suhbatlar san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari ohangida, bir piyola choy ustida davom ettirildi.