KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar sudining sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdilar.   

Dastlab viloyat sudi raisi Alisher Usmanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tasdiqlangan “Sud organlarida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, shuningdek sudlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish buyicha 2025 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” bilan barchani tanishtirdi. Mazkur hujjatda odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish, buning uchun sudyalar va tizim xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib Namangan viloyati sudlari tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi va bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda sud raislari va sudyalar keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning moddiy ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Bugun har bir sudya va sud xodimi ana shu e’tibordan kelib chiqib o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi, korrupsiya, ta’magirlik kabi illatlarga qo‘l urmaslik lozimligi, buning uchun esa, eng avvalo, fidoyilik va vatanparvarlikda hammaga namuna bo‘lishi, doimiy ravishda o‘z bilim va tajribasini oshirib borishi zarurligiga e’tibor qaratdilar. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovni xolis va beg‘araz amalga oshirishda bor bilim va tajribalarini ayamasliklarini bildirdilar.