
SUDLAR FAOLIYATI SARHISOB QILINDI
Namangan viloyati sudlari tomonidan 2024-yilda odil sudlovni ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Sud majlislarini yoritishda qanday tartiblar bor? Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topishga qaysi sud vakolatli?

Namangan viloyati sudida bo‘lib o‘tgan viloyat sudlarining 2024-yildagi faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ishtirokchilar shu kabi savollarga batafsil javob oldilar.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etgan anjumanda dastlab Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, 2024-yil davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari hamda sohaga oid boshqa ma’lumotlar haqida axborotlar ochiqlandi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, odil sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ularning savol, taklif, fikr-mulohazalariga sud raislari va sudyalar batafsil javoblar berishdi.

Jarayon aniq dalillar, faoliyatga oid tahliliy ma’lumotlar, odillik va shaffoflikni ta’minlashda e’tibor qaratilayotgan jihatlarga oid masalalar bilan qizg‘in o‘tdi.
Namangan viloyati sudining
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

MEHNAT QONUNCHILIGI NORMALARINI SUDLARDA QO’LLASH AMALIYOTI
Tahlilarga ko‘ra, fuqarolik sudlarida ko‘riladigan mehnat nizolarining aksariyati ishga tiklash hamda ish haqini undirish haqidagi da’volar bilan bog‘liqdir. Xususan, Namangan viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2024-yilda mehnat nizosi bo‘yicha 326 ta da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, shundan 219 tasi qanoatlantirilgan. Ularning 123 tasi ishga tiklash, 141 tasi ish haqini undirish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etgan.

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida bo‘lib o‘tgan seminar ham mehnat qonunchiligi normalarini sud amaliyotida qo‘llashga oid masalalarga bag‘ishlandi.

Oliy sud hamda viloyatdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi vakillari ishtirok etgan tadbirda mehnat qonunchiligini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha muhim va ahamiyatli jihatlar ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi. Shuningdek, mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, mazkur turdagi nizolarga adolatli yechim topish, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlarning oldini olish kabi jihatlar bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga ayrim ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor kilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

NAMANGAN VILOYATI SUDI RAISI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI
Namangan viloyati sudida tizimda ishlayotgan yoshlar va amaliyotchi talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sudi raisi Alisher Usmanov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda vatanparvarlik, kasbga sadoqat, korrupsiyaga qarshi kurash mavzularida so‘z yuritildi.

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori sud tizimida ham yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, talaba-yoshlarning sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgan.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda viloyat sudi raisi sohadagi islohotlarga to‘xtalib, sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati haqida gapirdi. Kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, ma’naviyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Salohiyatli, har tomonlama malakali sud kadrlarining shakllanishi sudlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. Bu o‘rinda esa sud tizimida faoliyat olib borayotgan har bir xodim kasbiy odob-axloq qoidalirga rioya qilgan holda, o‘ziga biriktirilgan vazifalarni sidqidildan ado etishi, mazkur jarayonda ta’magirlik, korrupsiya kabi illatlarga qo‘l urmasligi lozimligi ta’kidlandi.

Yuzma-yuz muloqotda yoshlar sud tizimi ham sharafli, ham mas’uliyatli soha ekanini chuqur his qilgan holda tizimga har tomonlama loyiq bo‘lish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirib, fidoyilik bilan faoliyat olib borishlarini bildirdilar.

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH
Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar sudining sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab viloyat sudi raisi Alisher Usmanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tasdiqlangan “Sud organlarida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, shuningdek sudlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish buyicha 2025 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” bilan barchani tanishtirdi. Mazkur hujjatda odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish, buning uchun sudyalar va tizim xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib Namangan viloyati sudlari tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi va bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda sud raislari va sudyalar keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning moddiy ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Bugun har bir sudya va sud xodimi ana shu e’tibordan kelib chiqib o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi, korrupsiya, ta’magirlik kabi illatlarga qo‘l urmaslik lozimligi, buning uchun esa, eng avvalo, fidoyilik va vatanparvarlikda hammaga namuna bo‘lishi, doimiy ravishda o‘z bilim va tajribasini oshirib borishi zarurligiga e’tibor qaratdilar. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovni xolis va beg‘araz amalga oshirishda bor bilim va tajribalarini ayamasliklarini bildirdilar.

Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha tuman-shahar sudlarida faoliyat boshlagan tergov sudyalari
– Ziyavitdinov Ozod Lutfitdinovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining tergov sudyasi,
– Ulug‘bekov Mashrabjon Ruzibuvoyevich – jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining tergov sudyasi,
– Ergashev Yorqin Yakubjonovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudining tergov sudyasi,
– Kimsanov Nodirjon Solijonovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudining tergov sudyasi,
– Muxammadaminov Jamshidbek Baxtiyorovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudining tergov sudyasi,
– Jo‘raboev Dadajon Shavkatbekovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining tergov sudyasi,
– Abrorov Azizbek Samiyevich – jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining tergov sudyasi,
– Tursunov Olimxo‘ja Oribxo‘jayevich – jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi,
– Turaboev Raxmatillo Ibragimovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining tergov sudyasi,
– Suyarov Elyor Ubaydullayevich – jinoyat ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi,
– Dadaxanov Alisher Xapisovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining tergov sudyasi,
– Yuldashev Sarvarjon Solijonovich – jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining tergov sudyasi,
– Xo‘jamqulov Alisher Yo‘ldoshevich – jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi.

SEMINAR-TRENING
Mamlakatimizda gender tengligi masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu masala milliy qonunchiligimizda ham o‘zining teran ifodasini topgan. Shu boisdan gender tengligini ta’minlash, gender zo‘ravonligining oldini olish eng dolzarb vazifalardan biridir.
Toshkent viloyatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultantlari uchun “Gender zo‘ravonlik bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak?” mavzusida o‘tkazilgan ikki kunlik o‘quv seminar-trening ham aynan shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.

Oliy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” (EWMI) nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda ishtirokchilarga gender konsepsiyasi va gender tenglik mohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Treningda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda gender zo‘ravonligiga oid masalalarni yoritish amaliyoti tahlil qilinib, bu boradagi gender stereotiplar va noto‘g‘ri tushunchalarni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi.

Malakali trenerlar tomonidan viloyat sudlarining matbuot kotiblari xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda gender sezgirlik normalari va andozalari bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashish omillarini interaktiv taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar vositasida muhokama qildilar.

TERGOV SUDYALARINING VAZIFALARI NIMALARDAN IBORAT?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2025-yilning 1-yanvaridan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyalari faoliyat boshlamoqda. Xo‘sh, mazkur yangi institutning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad nima? Tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan Namangan viloyatida o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotida ana shu savollarga batafsil javob olindi.
Sudyalar, prokuratura, ichki ishlar organlarining tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat bojxona, soliq boshqarmalari ma’muriy amaliyot xodimlari, advokatlar va boshqa daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda dastlab Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari tomonidan tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Prezident Farmoni ijrosini samarali tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgani, tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tegishli shtatlar ajratilib, tergov sudyalari tayinlangani aytib o‘tildi. Shuningdek, tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob oldilar.

BUNYODKORLIK
Odil sudlovni amalga oshirishda sud binolarida yaratilgan sharoitlar ham muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, keyingi yillarda sudlarning moddiy-texnikasini yaxshilash, aholi va xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudi binosi 1983-yilda qurilgan bo‘lib, bugungacha kapital ta’mirdan chiqarilmagan edi. Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan tegishli moliyaviy mablag‘ ajratilib, inshoot to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Qo‘shimcha xonalar, sud zallari, fuqarolar uchun sharoitlar yaratildi.

Bugun yangidan ta’mirdan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudi binosiga sud faxriylari, sudyalar va xodimlar tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu kabi qulayliklar odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, sud faxriylari va sudyalar sud binosi hovlisini obodonlashtirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shib, manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.

SUDYALAR VA ADVOKATLAR UCHRASHUVI
Sud amaliyotidan ma’lumki, ishni xolisona ko‘rishda, adolatni qaror toptirishda advokatlarning o‘rni muhim. Shunday ekan, himoyachilar bilan vakolat doirasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sud jarayonida ba’zan uchraydigan tushunarsiz holatlarning oldini oladi.

Ayni jihatdan, Namangan viloyati sudi hamda Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi tashabbusi bilan sudyalar va advokatlar uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov, Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i O‘ktamjon Jamolov, sudyalar hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlar ishtirok etdilar.

Muloqotda sud tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaviy tartib-taomillar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni aholiga to‘g‘ri yetkazishda advokatlarning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi. Ana shulardan kelib chiqib, sud jarayonlarida uchrab turuvchi ayrim muammoli holatlarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bu borada advokatlar duch kelayotgan va o‘z navbatida odil sudlovni ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar ham ro‘y-rost o‘rtaga tashlandi.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov sud amaliyotida advokatlar bilan yuzaga kelayotgan ana shunday muammolarga atroflicha to‘xtalib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, ayrim sud binolarida advokatlar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani, sud majlislarining belgilangan vaqtda boshlanmasligi og‘riqli nuqta ekanini ta’kidlab, ularning sabablarini tushuntirib o‘tdi va bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olinganini ta’kidladi.

Shuningdek, advokatlar sud protsessida har bir xatti-harakatini kasb etikasi doirasida amalga oshirishlari kerakligi ta’kidlandi.
Ochiq, samimiy, savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan muloqot yakunida mana shunday uchrashuvlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган 2025 | Namangan viloyat sudi